22:44 / 25.12.2024
20

Ukrainada urushning 1036-kunidagi asosiy voqealar

Ukrainada urushning 1036-kunidagi asosiy voqealar
Ukraina FVDX / AP / Scanpix / LETA
Zelenskiy: Putin yopirilma raketa zarbasi uchun ataylab rojdestvo kechasini tanlagan

25 dekabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Ukrainaning yonilg‘i-energetika kompleksi obyektlari bo‘ylab yoppasiga zarbalar yo‘lladi. Ukraina havo kuchlari zarbalar turlicha raketalar va dronlar bilan berilganini ma’lum qilgan — jami 184 ta raketa va uchuvchisiz uchar qurilmalardan foydalanilgan. Ukraina qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi Ukraina bo‘ylab X-101/X-55 rusumli 50 ta qanotli raketa, «Kalibr» rusumli 12 ta qanotli raketa, S-300/S-400 tizimlaridan 10 ta zenit raketa, X-59/X-69 rusumli to‘rtta aviatsiya raketalari, shimoliy koreyaliklarning KN-23 ballistik raketalaridan ikkita, shuningdek, 106 ta zarbdor dron uchirgan.

Ukraina tomoni mamlakat havo hujumidan mudofaa kuchlari havodagi 113 nishon urib tushirilganini ma’lum qilgan: 55 ta qanotli raketa, to‘rtta aviatsiya raketasi, 54 dron. Ya’ni 53 dron «yo‘ldan og‘ib, belgilangan nishonga yetib bora olmagan». «Dushman Ukrainaning Xarkiv, Kiyev, Dnipropetrovsk, Poltava, Jitomir, Ivano-Frankovsk oblastlari va Zaporijjyadagi energetika obyektlariga zarbalar yo‘lladi. Afsuski, Rossiya hujumi natijasida aniq zarbalar bo‘ldi», — deyilgan xabarda.

Zarbalar oqibatlari to‘g‘risida yana nimalar ma’lum:
  • Xarkiv shahri meri Igor Terexov shahar bo‘ylab 12 ta raketa uchirilgani, ularning barchasi elektr energetika obyektlarini nishonga olganini xabar qilgan. Xarkiv oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov aytishicha, hujum oqibatida olti kishi jarohatlangan, oblastda 500 ming iste’molchi issiqlik ta’minotisiz qolgan.
  • Dnipropetrovsk oblastida energetika obyektlariga raketa hujumi natijasida bir kishi halok bo‘lgan.
  • Moldova prezidenti Mayya Sandu rossiyaliklar raketasi mamlakat havo kengliklarini buzib kirganini ma’lum qildi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning fikricha, Rossiya qo‘shini yopirilma hujumni ataylab 25 dekabrga o‘tar kechasiga rejalashtirgan. «Bugun Putin ongli ravishda hujum uchun Rojdestvoni tanladi. Bundan ortiqroq g‘ayriinsoniylik nima bo‘lishi mumkin? Orasida ballistik raketalar ham bo‘lgan 70 dan ortiq raket va yuzdan ortiq zarbdor dronlar. Nishonlar — bizning energetika», — degan u.

Rossiya mudofaa vazirligi Ukraina bo‘ylab zarbalar yuzasidan izoh berdi. Xabarda aytilishicha, RF qurolli kuchlari yuqori aniqlikdagi qurollar va uchuvchisiz uchar qurilmalar bilan «Ukraina harbiy-sanoat kompleksi faoliyatini ta’minlovchi o‘ta muhim energetik infratuzilma obyektlari bo‘ylab» yopirilma zarbalar yo‘llagan. «Zarbalardan maqsadga erishildi. Barcha obyektlar aniq nishonga olindi», — deya qo‘shimcha qilingan vazirlik xabarida.

Rossiya hududlari bo‘ylab javob zarbalari

Ukraina qurolli kuchlari ham 25 dekabrga o‘tar kechasi Kursk oblastidagi Lgov shahriga zarba bergan. Region rahbari Aleksandr Xinshteyn buning natijasida to‘rt kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Besh kishi shifoxonaga yotqizilgan, bir ayol og‘ir ahvolda qolmoqda. Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, besh qavatli turar joy binosi, ikkita bir qavatli uy va go‘zallik saloni jiddiy shikastlangan. Zarbalar oqibatida «gaz uzatish quvuri uchastkasi ham biroz shikastlangan».

Mash telegram-kanaliga ko‘ra, shaharga HIMARS tizimidan uchirilgan «kamida oltita raketa tushgan». Kanal ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar shakar zavodi, issiqlik elektr stansiyasi, turar joy binosi hamda gaz quvuri bo‘ylab yo‘llangan.

Ukraina qurolli kuchlari bayonotida zarba RF qurolli kuchlari 810-dengiz piyodalari brigadasining boshqaruv punktiga qarata berilgani aytilgan. Mahalliy «Pepel Kursk» kanaliga ko‘ra, brigada boshqaruv punkti Lgov shakar kombinati hududida joylashgan. Ukrainaning Dezinformatsiyaga qarshi kurashish markazi rahbari Andrey Kovalenko zarba natijasida Rossiya qo‘shini zobitlar tarkibi yo‘qotishga uchraganini aytgan. Bu ma’lumot boshqa mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

Rossiya regionlari 25 dekabr kuni ham dronlar hujumiga uchradi. Ingushetiya rahbari Mahmud-Ali Kalimov Malgobek shahriga samolyot tipidagi dron qulaganini xabar qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, vayrongarchiliklar va qurbonlar yo‘q.

Vladikavkazdagi savdo markazlaridan birida urib tushirilgan dron parchalari tushishi oqibatida portlash ro‘y berdi, deb xabar qilgan Shimoliy Osetiya rahbari Sergey Menyaylo. U dron mahalliy vaqt bilan soat 08:28 da urib tushirilganini bildirgan. «Bu versiya surishtiruv-operativ tadbirlarining dastlabki natijalari bilan tasdiqlangan. Savdo markazidagi kuzatuv kameralarida portlash tashqaridan sodir bo‘lganini ko‘rish mumkin. Mutaxassislar uchuvchisiz uchish apparati parchalarini qidirishmoqda», — deb yozgan respublika rahbari.

Savdo markazida yong‘in natijasida bir kishi halok bo‘lgan. Dronlar Chechenistonga ham hujum qilishga uringan. «Agentstvo» nashri e’tibor qaratishicha, Checheniston xavfsizlik kengashi kotibi, Ramzon Qodirovning qarindoshi Hamzat Qodirov «dronlar qaysidir obyektga urilgani haqidagi ma’lumot — yolg‘onligi, ularning barchasi urib tushirilgani»ni yozgan.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainada urushning 1036-kunidagi asosiy voqealar