23:10 / 25.12.2024
20

Asad asirasi: suriyalik diktatorning xotini Moskvadan ketmoqchi...

Asad asirasi: suriyalik diktatorning xotini Moskvadan ketmoqchi...
Bugun zeb-u ziynatga ko‘milgan, lekin baxtsiz bir oila haqida gaplashamiz. Bu videoni oxirigacha ko‘rsangiz, maoshdan maoshgacha amallab yashaydigan, limiti bir pasda tugab qoladigan elektr uchun zo‘rg‘a pul topayotgan, nuqul ro‘zg‘orining biror yeri but bo‘lmay qoladigan o‘rtahol oila mana shu milliardlar og‘ushidagi zodagonlardan chandon barobar baxtli ekanini tushunasiz. Siz qahratonda uyingizni amallab isitib olsangiz, halovat topasiz. Lekin bu bechoralar halovat nima ekanini endi tushida ham ko‘rmasa kerak.

Taassufki, ayol kishi milliardlab dollar puli, o‘nlab koshonalari va hatto diktator eri bo‘lsa ham, baxtdan masrur bo‘lmasligi mumkin ekan. Agar o‘sha bechora ayol dunyo ko‘z o‘ngida sharmandasi chiqqan diktator Bashar Asadning xotini bo‘lsa. Asma al Asad. Qizlik ismi Asma Favaz al Ahros. 1975 yil Londonda, suriyalik muhojirlar – kardiolog Favaz va diplomat Saxarning o‘ziga tinch oilasida tug‘ilgan. 2000 yil Suriyaga qaytgan Asma Bashar Asadga turmushga chiqadi.

Ular Londonda tanishganida Asad tish do‘xtiri, Asma esa obro‘li bankda ishlaydigan iqtisodchi bo‘lgan. Asmaga uylangan vaqtida esa bo‘lajak diktator Asad Suriya prezidenti bo‘lgandi.

Saraton bilan kurash

Bashar Asadning suriyaliklarga qarshi jinoyatlari haqida anchadan buyon gapirib kelishadi. Uning rejimi insonlarni e’tiqodiga, jamoasiga qarab qiynagan, qamagan, o‘ldirgan. Asad rejimi ag‘darilib, uning qamoqxonalaridan videolar e’lon qilindi, rejim qamoqxonalarida bo‘lganlar u yerdagi azoblar haqida gapirib berishdi. Bir so‘z bilan aytganda, Asad rejimining jinoyatlari haqida aytilgan gaplar asta-sekin isbotini topmoqda.

Asma Asadning bu jinoyatlarga qanday aloqasi borligini bilmaymiz, u birinchi xonim bo‘lgan vaqtida asosan ijtimoiy loyihalar bilan shug‘ullangan. Bundan tashqari, jiddiy kasallik – saraton bilan kurashib kelgan. 2018 yil Asma Asad onkologik kasallik bilan Damashqdagi kasalxonaga yotqizilgani e’lon qilinadi.

Oddiy qilib aytganda, Asma xonim ko‘krak bezi saratoniga chalinadi. 2019 yilda undan o‘simtani muvaffaqiyatli olib tashlashadi. Shunda butun dunyodagi nashrlar Asad xonim saratonni yengdi degan xabarlar tarqatadi. 2024 yil may oyida esa Asma Asad endi leykemiya bilan og‘rigani ma’lum bo‘ladi.

Moskvadagi «uy qamog‘i»

2024 yil kuzi esa Asadlar oilasi uchun yomon boshlanadi. Asad rejimining ikki ustuni Eron va Rossiya o‘zi bilan o‘zi bo‘lib, uni qo‘llolmay qolganidan boxabar Abu Muhammad al Jo‘laniy boshchiligidagi isyonchilar birin-ketin Suriya shaharlarini egallashga kirishdi. Ular Damashqqa yaqinlashgan paytda Bashar Asad qo‘rqoqlarcha ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirib, Suriyadan «tuyog‘ini shiqillatadi».

Na Suriya armiyasi, na prezidentni qo‘riqlashi kerak bo‘lgan maxsus kuchlari va na Suriya xalqi Asadni himoya qiladi. Asad harbiylarga kutib turing, Rossiyadan yordam kelyapti, men hozir kelaman, deydi-da, xotin bola-chaqasi bilan Moskvaga qochadi. Asma xonim ham eriga qo‘shilib sovuq Moskvaga yo‘l oladi.

Moskvaga borganiga hech qancha bo‘lmay endi Asma xonim Londonga ketaman deb xarxasha qilayotgan ekan. Bu haqda turk va arab nashrlari yozmoqda. Ularga ko‘ra, Asma Asad allaqachon Rossiya sudiga ham murojaat qilgan. U hatto eri Bashar Asad bilan ajrashishga ham ariza bergan.

Bashar Asadga Moskvadan chiqish taqiqlangan. Xabarlarga ko‘ra, unga tegishli milliardlab dollar pul, oltinlar Rossiya banklarida muzlatilgan. Ammo Asma xonim yana Londonga jo‘nab qolishi mumkin. U yerga borib ham boshqa suriyalik muhojirlar kabi biror kasalxonada hamshiralik qilmasligi aniq. Asadlar oilasining Londonda ham uylari, yig‘gan-terganlari bor.

Londonning qizg‘in hayotiga o‘rgangan Asma xonimning sanksiya ostidagi Moskvadagi hayotini tasavvur qilish mumkin. Bunaqa «katta oxurlardan yem yeb yurgan» zodagon xotinlar bir kosa ovqatga qanoat qilib yashab yuradiganlar xilidan emas axir. Gapimiz boshida aytganimizdek, hozir Asma Asad eng asosiy muammosi qishda uyini isitish bo‘lgan ko‘pchiligingizda bo‘lgan halovatga erishish uchun milliardlarini berishga tayyor bo‘lsa kerak. Yana kim biladi deysiz...

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Asad asirasi: suriyalik diktatorning xotini Moskvadan ketmoqchi...