
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp 25 dekabr, chorshanba kuni Rojdestvo bayramida qilgan murojaatida, agar Kanada Amerikaning 51-shtatiga aylansa, ularning soliqlarini yarmiga kamaytirishga va'da berdi.
U, shuningdek, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoni «gubernator» deb atagan.
«Kanada gubernatori Jastin Tryudoni Rojdestvo bayrami bilan tabriklayman. Uning fuqarolari yuqori soliqqa tortib kelinadi, ammo agar Kanada 51-shtat boʻlsa, ularning soliqlari 60 foizdan koʻproq qisqartiriladi, ularning biznesi ikki baravar koʻpayadi va ular dunyodagi boshqa hech qanday davlatda boʻlmagani kabi himoyalangan boʻlar edi», – deb yozadi u oʻzining «Truth Social» sahifasida.
Bundan oldin, 10 dekabr kuni ham Tramp Kanada va Meksika AQSh shtatlariga aylanishi mumkinligini aytgandi. Keyinchalik, 17 dekabr kuni OAV Kanada AQSh bilan chegarasini himoya qilish uchun 900 million dollar sarflashi haqida xabar tarqatdi.
Avvalroq, 3 dekabr kuni Tramp Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo bilan uchrashuvda Ottava noqonuniy migratsiya va giyohvand moddalar kontrabandasi muammosini hal qila olmasa, mamlakat AQShning 51-shtatiga aylanishi mumkinligini aytgan edi.
26 noyabr kuni AQShning saylangan prezidenti oʻzining inauguratsiya kuni, agar Ottava va Mexiko Kanada chegarasi orqali noqonuniy migratsiya bilan bogʻliq vaziyatni tubdan oʻzgartira olmasa, ikkala davlatning barcha tovarlariga 25 foizlik import bojlari joriy etishini ta'kidladi.
Bloomberg nashri Tryudo, agar shunday iqtisodiy choralar joriy etilsa, u javob choralarini koʻrishiga va'da berganini yozdi. Kanada bosh vaziri mumkin boʻlgan sanktsiyalarni Kanada iqtisodiyoti uchun adolatsiz va buzgʻunchi deb hisoblashini ma'lum qilgan.
Associated Press agentligining xabar berishicha, Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum ham tariflar joriy qilingan taqdirda javob choralarini koʻrishga tayyorligini ma'lum qilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!