
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov, Rossiya tomoni Ozarbayjon fuqaro samolyotiga havo hujumidan mudofaa vositalari bilan qilingan hujum uchun uzr soʻrashi kerakligini bildirdi.
«Samolyot Rossiya hududida, Grozniy osmonida urib tushirilgan. Buni inkor etishning iloji yoʻq», - dedi Milliy Majlisning Xalqaro munosabatlar qoʻmitasi a'zosi, siyosatshunos Rasim Musabekov.
Uning aytishicha, Rossiyada ayrim shaxslar bu voqeaning izini yashirish uchun ommaviy axborot vositalarida ma'lum harakatlarni amalga oshirmoqda.
Biroq, uning fikricha, buning oʻrniga Rossiya tomoni vaziyatga muvofiq ravishda harakat qilishi va uzr soʻrashi lozim.
«Bu ishni sodir etganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi, halok boʻlganlar va jabrlanganlar uchun tovon toʻlanishi kerak. Agar shunday qilinmasa, munosabatlar, shubhasiz, boshqa yoʻnalishga oʻtadi», - dedi Musabekov.
Ma'lumot uchun, 25 dekabr, chorshanba kuni Boku-Grozniy reysini bajarayotgan AZAL samolyoti Qozogʻiston hududiga qulab tushgan va bunga sabab sifatida avvaliga qushlar bilan toʻqnashuv aytilgan boʻlsa-da, keyinchalik samolyot Rossiya havo hujumidan mudofaa raketasi tomonidan urib tushirilgani haqidagi ma'lumotlar oʻrtaga chiqa boshladi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev bu borada oʻz fikrini bildirib, halokat sabablari haqida gapirishga hali erta ekanini aytgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!