date
views 131

Ukraina Rossiyaning Pokrovsk va Kuraxovoga yurishini toʻxtata oladimi?

Ukraina Rossiyaning Pokrovsk va Kuraxovoga yurishini toʻxtata oladimi?
Foto: Reuters
Kuz oxirida va qish boshlarida Donbass janubi va markazidagi frontning barcha uchastkalarida Ukraina mudofaasida inqiroz yuzaga keldi. Kuzda rossiyaliklar Vuhledar va Selidoveni egallaganidan keyin, Ukraina qurolli kuchlari ushbu shaharlar tashqarisida barqaror mudofaa tashkil eta olmadi va oʻz saflari bir necha bor yorib oʻtilishiga yoʻl qoʻydi.

Bu esa Pokrovsk, Kuraxovo va Velika Novosilka kabi asosiy istehkomlarning qanotlarida ukrain boʻlinmalari bir necha bor operativ qurshov holatiga tushib qolishi va pozitsiyalaridan chekinishga majbur boʻlishiga olib keldi.

Shunga qaramay, harbiy ekspertlar ma'lum yoʻnalishlarda ruslarning hujum qilish salohiyati asta-sekinlik bilan pasayib borayotgani va Rossiya armiyasi endi hududdagi asosiy shaharlarni qamrab olish (shaharlar ichkarisida ogʻir koʻcha janglari oʻtkazish bilan) boʻyicha bir vaqtning oʻzida bir necha yirik yurish amaliyotlari oʻtkazish uchun etarli kuchga emasligini aytishmoqda.

Ammo Ukraina uchun ham vaziyat favqulodda ogʻirligicha qolmoqda, ayniqsa Rossiya Xerson va Zaporijjya tomon yangi yurish amaliyotlariga tayyorgarlik koʻrayotgani toʻgʻrisidagi xabarlar ortidan.

Pokrovsk janubidagi inqiroz

Rossiya armiyasi ushbu yirik sanoat shahrining sharqiy chekkalariga yoz oxiridayoq etib kelgandi. Kremldagilar uni egallash uchun frontning mazkur uchastkasiga uchta umumqoʻshin armiya kuchlarini jamladi. Tahlilchilar «Pokrovsk uchun jang» sentyabrdayoq boshlanishini prognoz qilgan boʻlsa-da, bu roʻy bermadi.

Ukrain harbiylari raqibning Pokrovsk va uning yoʻldosh shahri Mirnograd tomon yurishini Lisovka-Suxaya Yar-Promin-Mirolyubovka qishloqlari chizigʻi boʻylab, ya'ni shaharga 8-10 km masofa qolganida sekinlashtirishga erishishdi.

Mahalliy aholi vakili Pokrovskdagi vayron boʻlgan koʻprik yonidan oʻtmoqda. Rossiyaliklar shaharni oʻqqa tutmoqda va uni oʻrab olishga urinmoqda. Foto: Reuters
Shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari Rossiya armiyasi Konstantinovkaga olib boruvchi muhim trassani toʻsib qoʻyishiga ham yoʻl qoʻymadi.

Ukraina qurolli kuchlari «Hortitsa» operativ-strategik guruhi ma'lumotiga koʻra, dekabr oyi oxiriga kelib Pokrovskning oʻzida yoki uning chekkalarida harbiy harakatlar olib borilayotgani yoʻq.

Guruh matbuot kotibi Viktor Tregubov aytishicha, rossiyaliklar shaharni roʻparadan shturm qilishdan qochmoqda, ammo uning qanotlari boʻylab harakatlanmoqda.

«Dushman imkon qadar Pokrovsk chekkalariga yaqinlashishga va shaharning oʻzini oʻrab olish uchun mudofaa kuchlarining oʻng va chap qanotlarini yorib oʻtishga harakat qilmoqda, — deya izohlagan u milliy telemarafon efirida. — Shaharning oʻzida jang qilish — juda yoqimsiz ish, shu tufayli dushman roʻparadan shturm qilishdan qochish va ukrain kuchlarini chekinishga majbur qilish uchun shahar chekkalarida jang qilishga urinmoqda».

Oktyabr oyi oxirida Selidove egallangach, rossiyaliklar ukrainlarning Pokrovskdan janubdagi mudofaa chizigʻini yorib oʻtishgandi. Keyingi ikki oy davomida Rossiya armiyasi bu yoʻnalishda Ukraina hududi boʻylab 20 kilometrga ichkariladi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi uchun eng katta muammo dekabr oyi boshida raqib Novotroiskoye va Shevchenkovodagi mustahkamlangan hududlardan oʻta olgani fakti boʻldi.

Ukraina zaxiralari zudlik bilan shu erga tashlanishi vaziyatni biroz oʻngladi, ammo raqibning yurishini butkul toʻxtatishning imkoni boʻlmadi.

Rossiya qoʻshini gʻarb tomon harakatini davom ettirdi, ular aftidan Pokrovskning asosiy logistik qontomiri — Mejevaya va Pavlogradga olib ketuvchi avtomobil yoʻliga chiqishni koʻzlagan.

Bundan tashqari, frontning aynan mazkur uchastkasida, Udachnoye va Kotlino qishloqlari oraligʻida Ukrainadagi kokskoʻmir qazib olish boʻyicha ishlayotgan soʻnggi kon qolgan. U vayron boʻlishi yoki okkupatsiya qilinishi Ukraina iqtisodiyoti uchun ham zalvorli zarba boʻladi.

Bu yoʻnalish — Moskva uchun Donesk oblasti ma'muriy chegaralariga chiqish boʻyicha rejani amalga oshirish nuqtayi nazaridan ustuvor hisoblanadi.

Janubdan kelayotgan rossiyaliklar bu nuqtaga etishigacha 8 km masofa qolgan, hozirda ushbu yoʻldagi oxirgi qishloqlar — Uspenovka, Novovasilevka va Novoaleksandrovka uchun ogʻir janglar ketmoqda.

Pokrovskdagi uylarning aksari vayron boʻlgan, shaharda gaz va ichimlik suv ta'minoti yoʻq. Foto: EPA
Bunga parallel ravishda RF qoʻmondonligi oʻzining hujum qilayotgan «nayzasi uchi»ning qanotlari xavfsizligini ta'minlash maqsadida, Pokrovsk yaqinida egallangan hududni janubga, Donesk — Zaporijjya trassasi hamda Kuraxovo shahri tomon kengaytirmoqda. Bu erda rossiyaliklar Ukrainka qishlogʻini egallagan va trassadan 12 km masofadagi Yasenevoye uchun jang olib bormoqda.

Ammo Rossiya guruhining qarama-qarshi yoʻnalishdagi bunday faol hujum harakatlari uning qoʻmondonligi qarshisiga qator savollarni qoʻyadi, deya qayd etadi «Axboriy qarshilik» guruhi harbiy tahlilchisi, zaxiradagi polkovnik Konstantin Mashoves. Ulardan asosiysi — qaysi hujum vektoriga ustunlik berish va bu yoʻnalishlarda jang qilayotgan 90-tank diviziyasi kuchlarini qanday taqsimlash.

«Shubha yoʻqki, Rossiya qoʻmondonligi 90-tank diviziyasining hujum zonasini bir vaqtning oʻzida ham Pokrovsk, ham Kuraxovo yoʻnalishlariga kengaytira olmaydi… Ertami kechmi, tanlov qilish kerak boʻladi, — deya xulosa qiladi ekspert. — Menimcha, bu palla dushmanning Ukraina qurolli kuchlarining Pokrovsk shahri va uning atrofidagi hududlardagi mudofaa zonasiga faraziy amaliyotini tashkil etish va oʻtkazish vaqti nuqtayi nazaridan hal qiluvchi boʻlishi mumkin».

Kuraxovo va Velika Novosilkani qurshovga olish uchun urinishlar

Rossiya kuchlari Kuraxovo yoʻnalishi boʻylab «tarqalishi» haqida gapirganda, qayd etish kerakki, Rossiya armiyasi turar joy kvartallari egallanganidan keyin shaharning gʻarbiy chekkalarida depsinib qoldi. Aynan shu erda, Kuraxovo IES va truba zavodi joylashgan sanoat zonasida rossiyaliklar shturmini qaytarayotgan ukrain qoʻshini pozitsiyalari qolmoqda.

Bu vaqtda, Rossiya armiyasi shaharni shimoliy va janubiy qanotlardan aylanib oʻtib, Zaporijjyaga boruvchi trassani toʻsib qoʻyishga hamda bu bilan mazkur uchastkadagi ukrain garnizonini toʻligʻicha qurshovga tushirishga harakat qilmoqda.

Moskva bu rejani amalga oshirishiga Ukraina qurolli kuchlarining tabiiy suv toʻsiqlari: shimolda — Volchya, janubda — Suxiye Yali daryolariga tayangan ancha barqaror mudofaasi yoʻl qoʻymayapti.

Bu daryolar tutashadigan nuqta, shuningdek Zaporijjya va Pokrovsk trassalari kesishmasi — Ulakli, Konstantinopol va Andriyivka qishloqlariga toʻgʻri keladi.

Ukraina qurolli kuchlarining mazkur hududdagi istehkomlari dekabr oyi oʻrtalaridan buyon rossiyaliklar zarbalari ostida qolmoqda, ular oʻshanda Konstantinopoldan atigi 4 km masofadagi Zelenovka qishlogʻiga yorib kirgandi. RF mudofaa vazirligi 20 dekabr kuni Zelenovka egallangani haqida xabar berdi, 24 dekabr kuni esa ukrainlarning DeepState tahlil markazi bu ma'lumotni tasdiqladi.

«Hortitsa» guruhi matbuot kotibi Viktor Tregubov rossiyaliklar muntazam ravishda frontning mazkur uchastkasida Ukraina qurolli kuchlarining jangovar saflariga kirishga urinayotganini qayd etadi. Buning uchun ular koʻp qavatli uylar joylashgan hududga kirib borish yoki ukrain armiyasining pozitsiyalarini aylanib oʻtish vazifasi qoʻyilgan kichik piyoda guruhlardan foydalanmoqda.

«Ular motooʻqchi vzvodlar darajasidagi kichik guruhlar boʻlib harakatlanib, binolarda oʻrnashib olish va shahar chekkalaridagi pozitsiyalarni aylanib oʻtishga urinmoqda», — deydi u.

Noyabr oyi oxirida Kuraxovo IES hududida roʻy bergan portlash. Shaharning gʻarbiy chekkasidagi sanoat zonasi hozircha Ukraina qurolli kuchlari nazoratida qolmoqda
Shu bilan birga, ekspertlar aynan Kuraxovo yoʻnalishida Rossiya yurishi sur'ati asta-sekinlik bilan pasayib borayotganiga e'tibor qaratadi.

Konstantin Mashoves Ukraina qurolli kuchlari Suxiye Yali daryosi boʻylab oʻz mudofaasini ancha ishonchli ushlab turgani va daryo janubida, Yantarnoye qishlogʻi hududida kichik plasdarmga ham ega ekanini ta'kidlaydi. Rossiyaliklar esa hozircha bu tabiiy suv toʻsigʻini kechib oʻtishga qodir emas.

«19 dekabrdan boshlab, raqibning janubiy frontdagi (Kuraxovo boʻrtigʻi nazarda tutilgan) yurishi sur'atlari sezilarli darajada pasaydi. Zelenovka aholi yashash punktidagi „eskapada“ (avantyura), katta ehtimol bilan, ularning vaziyatni Ukraina qurolli kuchlari uchun keskin oʻzgartirishga boʻlgan jon holatdagi urinishi…», — deya yozadi ekspert.

Ammo frontning qoʻshni uchastkasida, Velika Novosilka rayon markazida voqealar Ukraina qoʻmondonligi uchun yaxshi rivojlanmayapti. Bu erda rossiyaliklar ukrain garnizoniga ta'minot etkazib beriladigan ikki asosiy yoʻlni kesib qoʻyish uchun bor imkoniyatini ishga solmoqda.

Shosse boʻyida joylashgan Noviy Komar posyolkasi uchun qaqshatqich janglar bir oydan buyon davom etmoqda.

Rossiyalik harbiylar ushbu aholi yashash manzili egallangani haqida bir necha bor xabar berishdi, ammo ukrainlar har safar uni qaytarib olgan. 20 dekabr kuni ham RF mudofaa vazirligi Noviy Komar okkupatsiya qilingani haqida xabar tarqatgan, ammo DeepState onlayn-xaritasiga koʻra, qishloqning shimoliy qismi hamon Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida qolmoqda.

Ukrainalik harbiy Velika Novosilkada. Rossiyaliklarning qurshovga olish harakatlariga qaramay, Ukraina qurolli kuchlari ushbu istehkomini ushlab turibdi. Foto: EPA
Ukrainlar Velika Novosilka janubida Makarovka qishlogʻi atrofidagi pozitsiyalarini tashlab chiqishga majbur boʻlgan. Ukraina qurolli kuchlarining bu erdagi boʻlinmasi muqarrar qurshov xavfi ostida edi, ammo soʻnggi pallada undan qochishga ulgurgan.

Dekabr oyi oxiridagi holatga koʻra, rossiyaliklar Velika Novosilkaga janubdan, sharqdan va shimoli-sharqdan juda yaqin kelgan. Gʻarbdagi Gulyaypolega olib boruvchi oxirgi trassa hozircha toʻsib qoʻyilgani yoʻq, ammo RF qurolli kuchlari zarbalari etib boradigan masofada qolgan.

Ammo bu sharoitda ham Velika Novosilka hali dosh berib turishi mumkin. Gap shundaki, posyolka birdaniga uchta daryo: Mokriye Yali, Kashlagach va Shaytanka daryolari kesishmasida joylashgan.

Shuning uchun, agar rossiyaliklar Ukraina qurolli kuchlari garnizonining barcha logistik yoʻllarini kesib qoʻya olmasa, unda aholi yashash punktini roʻparadan shturm qilishga toʻgʻri keladi, bu holda suv toʻsiqlarini raqibning zarbalari ostida kechib oʻtish kerak boʻladi.

Rossiya-Ukraina urushi tajribasi koʻrsatadiki, bu haddan tashqari ogʻir vazifa va hujum qilayotgan tomon uchun ogʻir yoʻqotishlarga olib kelishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukraina Rossiyaning Pokrovsk va Kuraxovoga yurishini toʻxtata oladimi?