20:12 / 02.01.2025
50

Turkiyada «Krokus» terakti ijrochilariga aloqador shaxslar ishi sudga topshirildi

Turkiyada «Krokus» terakti ijrochilariga aloqador shaxslar ishi sudga topshirildi
Foto: RIA Novosti
Turkiyaning Istanbul shahri Bosh prokuraturasi Rossiyadagi «Krokus Siti Xoll» kontsert zalidagi terakt ijrochilari bilan aloqada boʻlganlikda ayblangan besh nafar xorijlik uchun 7,5 yildan 15 yilgacha qamoq jazosini talab qildi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Hofizjon Usmonov, Muteullo Asoyev, Rahmatullo Solihov, Muhammadrahim Fayzov va Hamza Muhammad terrorizmda ayblanmoqda. Tergov ma'lumotlariga koʻra, ular «Krokus» terakti ishi boʻyicha ayblanayotgan Shamsidin Fariduni va Saidakrom Rajabalizoda bilan aloqada boʻlgan.

Ayblov xulosasida aytilishicha, Usmonov va Fariduni Istanbulning «Avjilar» tumanidagi IShID tarafdorlari tomonidan ijaraga olingan uyda yashagan.

Usmonov, Solihov va Asoyev 2024 yil 24 mart kuni avtobusda Eronga ketmoqchi boʻlganida qoʻlga olingan, Fayzov va uning oilasi 28 mart kuni ushlangan, u allaqachon Eron bilan chegaradagi avtobusga oʻtirgan edi. Agentlikning qayd etishicha, Fayzov va Rajabalizoda 2024 yil 5 yanvarda Turkiyaga kelgan.

Agentlik ayblanuvchi Asoyev va terakt ijrochilaridan biri oʻrtasidagi yozishmalarni keltirdi. Xususan, Asoyev boshqa bir vazifani, Moskvadagi Vegas savdo markaziga bomba qoʻyishni taklif qilgan. Ular ijrochilarni bomba bilan ta'minlashga, shuningdek, terakt uchun 800 ming rubl - oldindan 100 ming va topshiriqni bajargandan keyin 700 ming rubl va'da qilishgan. Shu bilan birga, terakt sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxs yozishmalarda qoʻlga olinishi va oʻldirilishidan qoʻrqishini bildirgan.

Agentlik iqtibos keltirgan yozishmalarga koʻra, Asoyev bomba qoʻyilgandan soʻng ijrochilarning IShID a'zosi tomonidan Belarus chegarasigacha olib ketilishiga va'da bergan. Shuningdek, ijrochilarga yangi hujjatlar va uy-joy bilan ta'minlash va'da qilingan.

2024 yil 22 mart kuni «Krokus Siti Xoll» kontsert zalida sodir etilgan terakt oqibatida 145 kishi halok boʻlgan edi. Tergov jinoyatning bevosita ijrochilari sifatida Tojikiston fuqarolari – Dalerjon Mirzoyev, Saidakrom Rajabalizoda, Shamsidin Fariduni va Muhammadsobir Fayzovni koʻrsatmoqda. Bu ish boʻyicha jami 20 dan ortiq kishi hibsga olingan. Shu bilan birga, Rossiya tergov idoralari terakt Ukraina tomonidan tayyorlanganini da'vo qilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo