14:04 / 03.01.2025
8

Isroil Hamasning yana ikki amaldori oʻldirilganini e'lon qildi

Isroil Hamasning yana ikki amaldori oʻldirilganini e'lon qildi
Isroil payshanbaga oʻtar kechasi Gʻazo sektori boʻylab yoʻllagan aviazarbalar oqibatida Hamas tashkil etgan politsiya boshligʻi Mahmud Saloh hamda uning oʻrinbosari Husam Shohvon halok boʻldi. Zarba anklav janubidagi Xon Yunus shahri gʻarbidagi Al-Mavasiy hududidagi palatali lager boʻylab yoʻllangan.

Falastinlik shifokorlar zarba oqibatida 12 kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok boʻlganini ma'lum qilishgan, Isroilning boshqa nuqtalarni oʻqqa tutishi oqibatida ham oʻnlab kishilar halok boʻlgan.

Isroillik harbiylar Hamasning harbiy qanotiga Gʻazodagi isroillik harbiylarga hujumlarni rejalashtirishda yordam bergan Shohvonni nishonga olganini tasdiqlagan.

Foto: Anadolu
Hamas nazorati ostidagi Gʻazo IIV Saloh va Shohvon oʻldirilganini qoralab, ular «oʻzining gumanitar va milliy burchini bajarish bilan shugʻullangani»ni qayd etgan.

Isroil mudofaa armiyasi Xon Yunusdagi gumanitar zonaga zarba yoʻllaganini tasdiqlagan. TsAHAL xabarida Husam Shohvon Hamasning ichki xavfsizlik apparati rahbari boʻlgani aytilgan.

Isroillik harbiylar Hamas politsiyasi «Gʻazo aholisi vakillarini shafqatsiz yoʻllar bilan soʻroq qilib, inson huquqlarini buzgani va oʻzgacha fikrdagilarni bostirgani»ni qayd etgan.

«Shohvon Gʻazodagi Isroil mudofaa armiyasiga hujumlarda Hamas harbiy qanoti elementlari bilan muvofiqlashtirgan holda razvedka ma'lumotlari ishlab chiqishga mas'ul boʻlgan», — deyilgan bayonotda.

Isroil harbiylar Shohvonni yoʻq qilish chogʻida ular tinch aholi uchun xavflarni minimallashtirish, jumladan, qoʻshimcha razvedka oʻtkazish, hududni havodan kuzatish va aniq boshqariladigan oʻq-dorilardan foydalanish choralarini koʻrganini ta'kidlagan.

TsAHAL xabarida Saloh nomi tilga olinmagan.

Gʻazo sektoriga hujumlar haqida yana nimalar ma'lum?

Gʻazodagi tez yordam xizmati mashinasi haydovchisi ​​Salim Abu Subha jurnalistlarga Al-Mavasiydagi zarba joyida qutqaruvchilar erda yotgan yaradorlarni topishganini aytib bergan. Uning soʻzlariga koʻra, jabrlanganlardan koʻpchiligi — bolalar, bundan tashqari, ikki ayol ham yaralangan.

«10 ga yaqin palatka shikastlangan, alohida joylarda yongʻin oʻchoqlari hosil boʻlgan», — degan u Qatarning Al Jazeera telekanaliga.

Isroilning Gʻazo sektorida payshanba kuni amalga oshirgan boshqa hujumlari oqibatida yana 40 ga yaqin kishi halok boʻlgan.

Reuters agentligi yozishicha, Gʻazo IIVning Xon Yunusdagi qarorgohida olti kishi halok boʻlgan, boshqa oʻlimlar anklavning turli chekkalarida joylashgan «Jabaliya», «Shati» va «Magazi» qochqinlar lagerlarida roʻy bergan.

Xabarlarda aytilishicha, halok boʻlgan etti, 11 va 13 yoshlardagi bolalar aka-ukalar edi.

Isroil 2023 yil 7 oktyabridagi hujumga javoban Gʻazo sektorida Hamasga qarshi harbiy amaliyotini davom ettirmoqda. Hamas nazorati ostidagi Gʻazo sogʻliqni saqlash vazirligining soʻnggi ma'lumotlariga koʻra, hozirgacha anklav hududidagi harbiy harakatlar qurbonlari soni 45 mingdan oshdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil Hamasning yana ikki amaldori oʻldirilganini e'lon qildi