15:30 / 03.01.2025
5

Xitoy hakerlari AQSh Moliya vazirligi boʻlinmalarini buzib kirdi

Xitoy hakerlari AQSh Moliya vazirligi boʻlinmalarini buzib kirdi
Foto: AFP
Xitoy hukumatiga aloqador hakerlar AQSh Moliya vazirligining iqtisodiy va savdo sanktsiyalarini rejalashtiruvchi va qoʻllovchi bir qancha boʻlinmalarining kompyuter tizimlarini buzib kirishdi. Bu haqda 1 yanvar, chorshanba kuni amerikalik rasmiylarga tayanib, The Washington Post nashri xabar berdi.

Ularga koʻra, Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) va Moliyaviy tadqiqotlar boshqarmasi (OFR) serverlari zarar koʻrgan. Bundan tashqari, hakerlar AQSh moliya vaziri Janet Yellenning ofisini buzib kirishga uringan. Shu hafta boshida AQSh Moliya vazirligi Kongressga yoʻllagan maktubida hakerlar maxfiy boʻlmagan hujjatlarni oʻgʻirlagani, shuningdek, kiberxavfsizlik boʻyicha xizmatlar taqdim etuvchi BeyondTrust'ni buzib kirishganini xabar berdi.

Nashrning yozishicha, XXR hukumati uchun qiziqish doirasi AQSh rasmiylari moliyaviy sanktsiyalar qoʻllashi mumkin boʻlgan Xitoy tashkilotlaridir. Dekabr oyida Janet Yellen AQSh Rossiyaning neft daromadlarini va chet eldan ta'minot olish imkoniyatini qisqartirishga intilayotgani sababli Vashington Xitoy banklariga qarshi sanktsiyalar qoʻllashni istisno etmasligini aytgan edi.

AQSh Moliya vazirligi The Washington Post xabariga izoh bermadi. Oʻz navbatida, Xitoyning Qoʻshma Shtatlardagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Penyuy gazeta xabarini «mantiqsiz», «asossiz» va Pekinga «tuhmat» deb atadi. Uning soʻzlariga koʻra, Xitoy «kiberhujumlarning barcha shakllariga qarshi kurashmoqda».

AQSh Moliya vazirligi XXRdan kiberhujum haqida xabar berdi

AQSh Moliya vazirligi Kongressdagi qonun chiqaruvchilarga hakerlardan biri, aftidan, Xitoy manfaatlaridan kelib chiqib, departamentning bir qator onlayn platformalari va hujjatlariga masofadan kirish imkonini beruvchi xavfsizlik kalitini qoʻlga kiritgani haqida ma'lum qildi. Bu haqda 30 dekabr kuni Reuters, AFP va The New York Times xabar berdi.

Vazirlik 8 dekabr kuni BeyondTrust dasturiy ta'minot ishlab chiqish xizmatlarini koʻrsatuvchi uchinchi kompaniya tomonidan kiberhujum sodir etilgani haqida ogohlantirilgan.

AQSh Moliya vazirligi buzgʻunchilik ta'sirini aniqlash uchun Federal tergovlar byurosi (FTB), razvedka hamjamiyati va boshqalar bilan ishlamoqda. Belgilangan tuzilma oflayn rejimga oʻtkazildi, hakerlar hali ham unga kirish huquqiga ega ekanligi haqida hech qanday dalil yoʻq, deya ma'lum qildi vazirlik.

Hujjatlar sirli emas, ammo gap «AT xavfsizligi sohasidagi jiddiy voqea» haqida ketyapti, deya xabar berdi Vashington.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy hakerlari AQSh Moliya vazirligi boʻlinmalarini buzib kirdi