08:39 / 10.01.2025
24

Britaniyaliklar Afgʻonistonda jangga layoqatli erkaklarni qasddan oʻldirgani aniqlandi

Britaniyaliklar Afgʻonistonda jangga layoqatli erkaklarni qasddan oʻldirgani aniqlandi
Foto: Getty Images
Buyuk Britaniyaning Maxsus havo desant xizmati (Special Air Service, SAS) boʻlinmalaridan birining harbiylari Afgʻonistondagi jangga yaroqli erkaklarni qasddan oʻldirgan holatlar aniqlandi.

The Daily Telegraph nashrining xabar berishicha, bu ma'lumotlar 2010—2013 yillarda Afgʻonistondagi urush paytida qirollik harbiy xizmatchilari tomonidan sodir etilgan taxminiy harbiy jinoyatlarni ommaviy tergov qilish jarayonida nomi oshkor etilmagan britaniyalik zobit tomonidan ma'lum qilingan.

Axborotchi ma'lumotlariga koʻra, SAS boʻlinmalaridan birining a'zolari barcha jangga yaroqli afgʻon erkaklarini, shuningdek, 16 yoshdan kichik oʻsmirlarni, hatto ular xavf tugʻdirmasa ham, oʻldirgan. Ta'kidlanishicha, shundan soʻng harbiylar “oʻldirilgan odam qurollangan boʻlgan” degan taassurot uygʻotish maqsadida jasadlar oldiga qurol qoʻyib ketishgan.

Ta'kidlanishicha, axborotchi bu taxmin qilinayotgan jinoyatlar haqida 2011 yil mart oyidagi qoʻshma mashgʻulotlar paytida mazkur boʻlinmada xizmat qilgan SAS vakilidan xabar topgan. U bu haqda oʻz komandiriga aytgan, biroq komandir bu masalani boʻlinma boshligʻi bilan muhokama qilmagan, chunki “bunday ayblovlar zamirida ushbu boʻlinma askarlariga nisbatan shaxsiy adovat yotgan boʻlishi mumkin” deb oʻylagan. Shu bilan birga, axborotchining komandiri ularning suhbatini yozma ravishda qayd etgan va keyinchalik maxsus kuchlar direktori bilan uchrashgan.

2023 yilda BBC oʻnlab odamlarning qatl etilgani haqida xabar berganidan soʻng, Buyuk Britaniyada 2010—2013 yillarda Afgʻonistonda britaniyalik harbiylar tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlar boʻyicha ommaviy tergov boshlangan. Tergovning maqsadi Birlashgan Qirollik harbiy-siyosiy rahbariyati Afgʻonistonda 10 yildan ortiq vaqt davomida suddan tashqari qatl holatlarini yashirgan-yashirmaganini aniqlashdan iborat.

Tergovga Angliya va Uels apellyatsiya sudi sudyasi Charlz Xeddon-Keyv rahbarlik qilmoqda. The Daily Telegraph’ning aniqlik kiritishicha, ilgari harbiy prokuraturaning ikkita tergovida ham qirollik harbiy xizmatchilaridan hech biri javobgarlikka tortilmagan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo