15:39 / 16.01.2025
377

Bayden va Tramp olamshumul voqea yuzasidan "men qildim" deya da'vo qilishmoqda

Bayden va Tramp olamshumul voqea yuzasidan "men qildim" deya da'vo qilishmoqda
Isroil va HAMAS Gʻazo sektorida 2023 yil 7 oktyabrdan beri davom etayotgan urushni tugatishga kelishib olgani haqida xabar bergandik.

Ushbu kelishuv kimning xizmati evaziga amalga oshdi degan masalada AQSh prezidenti Jo Bayden va yangi saylangan prezident Donald Tramp farqli bayonotlar berdi. Yanada aniqroq aytilsa, har ikki siyosatchi tinchlik bitimidagi birlamchi hissasiga urgʻu bermoqda.

«Otashkesimga oid ushbu olamshumul bitim noyabr oyidagi tarixiy gʻalabamizning natijasidir. Ushbu gʻalaba butun dunyoga mening ma'muriyatim tinchlikka intilishi va barcha amerikaliklar hamda ittifoqchilarimiz xavfsizligini ta'minlash uchun muzokaralar olib borishiga ishora etdi», – deb yozdi 20 yanvardan rasman prezidentlik vakolatiga kirishishi kutilayotgan Tramp.

Oʻz navbatida, Bayden tinchlik bitimi u may oyida taklif etgan tashabbus mahsuli ekani haqida bayonot berdi.

«Bu nafaqat HAMASga bosim, Livandagi sulh va Eronning zaiflashuvi ortidan mintaqaviy vaziyat oʻzgarishi mahsuli, ayni paytda Amerika diplomatiyasining qat'iy va sermashaqqat faoliyati natijasidir. Mening diplomatik xizmatim bunga erishish uchun bir lahza ham tinim bilmadi», – dedi AQShning lavozimini topshirayotgan rahbari Bayden.

Tramp va Baydenning bayonoti AQShning boshqa bir prezidenti Jon Kennediga nisbatan beriladigan «Gʻalabaning otasi koʻp, magʻlubiyat esa hamisha etim» degan fikrni yodga soladi.

Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban Gʻazo bostirib kirganidan buyon, 467 kundan beri davom etayotgan urushda 46707 nafar falastinlik (ularning katta qismi bolalar va ayollar) halok boʻldi, 110265 kishi yaralandi. Gʻazo boʻlgasi Isroil bombardimonlarida butkul vayron boʻldi.

Tinchlik bitimiga erishilgani haqidagi xabardan keyin Isroil armiyasi Gʻazo sektoriga uyushtirgan hujumlarda kamida 23 kishi halok boʻldi.

Sulh bitimi 19 yanvar, yakshanba kuni kuchga kirishi aytilmoqda.

Qayd etish joizki, AQSh Isroilni ham diplomatik, ham iqtisodiy, ham harbiy jabhada yaqindan qoʻllab-quvvatlab keladi. Jumladan, Vashington Tel-Aviv katta miqdorda qurol-aslaha etkazib bermoqda.

AQSh Xalqaro jinoyat sudi hibsga olish haqida order bergan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni himoya qilish uchun hatto oʻz qadriyatlariga qarshi boʻlgan choralarga ham kirishgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo