Seul markaziy okrug sudi Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolning hibsga olinishini qonuniy deb topdi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi.
16 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:00 da sud Yun Sok Yolning himoyachilari murojaatini koʻrib chiqishni boshladi.
Avvalroq prezident advokatlari yuqori mansabdor shaxslarga nisbatan korruptsiyaga qarshi tergov boshqarmasi qamoqqa olish orderini Seulning Gʻarbiy okrug sudidan emas, balki Markaziy okrug sudidan olishi kerakligini ta'kidlagan edi. Ularning fikricha, qamoqqa olish uchun order olgan boshqarma isyonga oid shubhalarni tekshirish vakolatiga ega emas. Boshqarmaning oʻzi isyon jinoyati vakolatlarni suiiste'mol qilish bilan bogʻliqligini ta'kidlagan.
Sud himoyachilarning barcha dalillarini rad etdi. Shuningdek, sudyalar “parlamentga oz sonli harbiylarning kirishi konstitutsiyaviy tuzumni buzish hisoblanmaydi” degan bayonotni asossiz deb topdi.
15 yanvar kuni Janubiy Koreyada tergovchilar ikkinchi urinishda Yun Sok Yolni hibsga oldi.
Hokimiyatdan chetlatilgan prezidentni hibsga olishga birinchi urinish 3 yanvar kuni sodir boʻlgandi. Biroq oʻshanda Yun Sok Yolning qoʻriqchilari politsiya hibsga olishiga qarshilik qilgan, uzoq davom etgan qarama-qarshilikdan soʻng, tergovchilar prezidentni Korruptsiya boʻyicha tergov byurosiga olib borishga muvaffaq boʻldi.
Yun Sok Yol ushlangunga qadar videomurojaat e'lon qilib, hibsga olishni “noqonuniy” deb bilishi, ammo qon toʻkilishining oldini olish uchun tergovchilar va politsiyaga boʻysunishga qaror qilganini aytgan.
Dekabr oyi boshida Janubiy Koreya prezidenti mamlakatda harbiy holat joriy etishga muvaffaqiyatsiz urinib koʻrdi, shundan soʻng parlament uni isyon koʻtarishga uringanlikda ayblab, davlat rahbariga impichment e'lon qildi.
Yun 14 dekabrdan (parlament uning impichmenti uchun ovoz berganidan) prezidentlik lavozimidan chetlashtirilgan, ammo uni lavozimidan chetlashtirish uchun impichment Konstitutsiyaviy sud tomonidan ma'qullangan boʻlishi kerak. Sud qaror chiqarmaguncha, Yun Sok Yol rasman prezident boʻlib qoladi.
Yunning oʻzi dekabrning birinchi yarmidayoq qoʻzgʻolonga urinish ayblovlarini rad etib, harbiy holat joriy etilishi “siyosiy jihatdan tasdiqlangan qaror” ekanini aytgan. U davlatni falaj qilgan muxolifatdan himoya qilish uchun shunday qaror qabul qilgandi.
Prezident advokatlarining hibsga olishning qonuniyligiga e'tiroz bildirishga urinishi tufayli uning 48 soatlik qamoq muddati toʻxtatilgandi. Keyingi hibsga olish uchun yangi order kerak. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar