Foto: Getty Images
“Tolibon” harakati AQSh prezidenti Donald Trampning Amerika qurol-yarogʻi va texnikasini qaytarish taklifini rad etdi. Bu haqda manbalarga tayanib, Bloomberg xabar berdi.
19 yanvar kuni Tramp agar Afgʻoniston 2021 yilda Amerika qoʻshinlari u erda qoldirgan qurol-yarogʻ va uskunalarni qaytarmasa, Kobulga moliyaviy yordamni toʻxtatish bilan tahdid qilgandi. “Tolibon” qiymati 7 milliard dollardan ortiq qurol-yarogʻ va texnikalarni oʻzlashtirgan.
Bu haqda Tramp ham bir necha bor bayonot bergan. Ammo Oq uy milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi “Tolibon”ga katta miqdorda qurol qoldirgani haqiqatga toʻgʻri kelmasligi va bu “bema'ni” da'vo ekanini bildirgan.
“Tolibon” a'zolari Vashington ularga IShIDga qarshi kurashish uchun zamonaviy qurol-yarogʻ berishi kerak, deb hisoblaydi.
AQSh 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlardan keyin Afgʻonistonga oʻz qoʻshinlarini kiritdi. Ularning maqsadi ushbu hujumlar uchun mas'ul boʻlgan “Al-Qoida” guruhi edi. Missiyani bekor qilish toʻgʻrisidagi birinchi kelishuvni 2020 yilda Tramp imzolagan. Qoʻshinlarni olib chiqish sobiq prezident Jo Bayden davrida boʻlib oʻtdi.
Amerikaliklar chiqib ketganidan keyin Afgʻonistonda hokimiyatni “Tolibon” egallab oldi. Bayden ularning hokimiyatini tan olishdan bosh tortdi. AQSh va uning ittifoqchilari “Tolibon”dan inson huquqlari va mintaqada terroristik guruhlarning tarqalishi bilan bogʻliq muammolarni hal etishni talab qildi. Tramp Amerika qoʻshinlarining Afgʻonistondan olib chiqilishini “tarixdagi eng sharmandali voqea” deb atadi.
♦ Oʻzbekistonga olib oʻtilgan AQSh aviatexnikalari
2021 yil avgust oyida “Tolibon” Kobulni egallab, oʻsha paytdagi prezident Ashraf Gʻani mamlakatdan ketganida afgʻon harbiylari samolyot va vertolyotda Oʻzbekistonga qochib oʻtgan. Oʻzbekiston prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev Oʻzbekistonga sobiq afgʻon uchuvchilari tomonidan olib oʻtilgan samolyot va vertolyotlar “Tolibon” harakatiga qaytarilmasligini ta'kidlagan.
Ergashevning soʻzlariga koʻra, aviatexnikalarni AQSh hukumati sotib olib bergan va Afgʻoniston sobiq hukumatiga vaqtinchalik foydalanish uchun topshirgan. Sobiq hukumat bu uchoqlarga bir dollar ham sarflamagan.
♦ AQSh aviatexnikalar Toshkentda qolishini ma'lum qildi
Foto: Getty Images
AQShning Oʻzbekistondagi elchisi Jonatan Henik ikki davlat Afgʻonistonning sobiq armiyasiga tegishli samolyotlar taqdiri boʻyicha kelishuvga erishganini va harbiy texnikalar Toshkentda qolishini e'lon qilgandi. Elchi aviatexnikalar AQShga tegishli ekanini ta'kidlagan. “Tolibon” bunga javoban AQSh Afgʻoniston xalqining mulkini “musodara qilish huquqiga ega emas”ligini aytgan.
“Oʻzbekistondagi afgʻon vertolyotlari va samolyotlari taqdiriga oid har qanday kelishuv qabul qilinishi mumkin emas. Toshkent yaxshi qoʻshnichilikni inobatga olib, oqilona qaror qabul qilishi va Afgʻoniston harbiy-havo kuchlariga tegishli samolyotlarni topshirishda yordam berishi kerak”, deyiladi Afgʻoniston Mudofaa vazirligi bayonotida. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar