12:37 / 22.01.2025
322

Tramp imzolagan ilk farmondan Isroil xursand boʻldi, Falastin esa xafa...

Tramp imzolagan ilk farmondan Isroil xursand boʻldi, Falastin esa xafa...
20 yanvardan AQSh prezidenti sifatida lavozimga kirishgan Donald Tramp oʻsha kunning oʻzida sobiq prezident Jo Bayden tomonidan imzolangan bir qator farmonlarni bekor qildi. Bekor qilingan hujjatlar orasida Bayden 2024 yilning fevral oyida imzolagan Gʻarbiy Sohilda zoʻravonlik harakatlarini sodir etayotgan yahudiy kelgindilariga nisbatan sanktsiya joriy etish toʻgʻrisidagi farmon ham bor.

Avval xabar berganimizdek, bir yil avval Bayden 14115-raqamli farmon bilan Gʻarbiy Sohilda falastinliklarning oʻlimiga sabab boʻlgan, shuningdek, tinch aholi vakillarini kaltaklab, mol-mulkiga ziyon etkazgan bir guruh yahudiy ekstremistlariga nisbatan taqiq choralarini kiritgandi.

Unga muvofiq, Gʻarbiy Sohilda zoʻravonlik sodir etgan yahudiy ekstremistlariga AQSh viza bermaydi, ularning mablagʻlari muzlatiladi. Qoʻshma Shtatlar fuqarolariga “qora roʻyxat”dagi shaxslar bilan tijoriy aloqalar olib borish man etiladi.

Tramp Bayden farmonlarini bekor qilmoqda. 20 yanvar, Oq uy.
Foto: AP

Isroilga nisbatan oʻta doʻstona munosabatda boʻlgan Tramp prezidentligining ilk kunida zoʻravonlarga qarshi hujjatni bekor qilish bilan yahudiy davlatiga nisbatan yanada xayrixoh siyosat yuritishiga ishora qilgan.

The Times of Israel nashri xabariga koʻra, Trampning sanktsiyalarni bekor qilishga doir farmonini Isroildagi oʻta oʻng qanotga mansub siyosatchilar olqishlashgan va AQShning yangi rahbariga minnatdorlik bildirishgan.

Falastinliklarga nisbatan shafqatsiz va gʻayriinsoniy munosabati bilan tanilgan sobiq milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir Gʻarbiy Sohildagi yahudiy zoʻravonlariga jazoning bekor qilinishini “adolatsizlikka barham berish” deb baholagan.

Falastin ma'muriyati esa Trampning bu qadamini qoralagan. “Bu qaror kelgindilarni yanada koʻproq jinoyatga undaydi”, degan Falastin ma'muriyati matbuot kotibi Nabil Abu Rudayna.

Oʻtgan yili AQSh bilan parallel ravishda Evropa Ittifoqi ham Gʻarbiy Sohil hamda Sharqiy Quddusda inson huquqlari buzilishiga sababchi boʻlgan ikki tashkilot, jumladan, “Lehava” guruhi hamda toʻrt nafar yahudiyga sanktsiya joriy qilgandi.

Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban Gʻazo sektoriga bostirib kirganidan keyin Falastinga tegishli boshqa hudud – Gʻarbiy Sohilda ham zoʻravonlik va noqonuniy hibslar kuchaygan.

2023 yil dekabr oyida Fransiya, Avstraliya, Belgiya, Kanada, Daniya, Finlyandiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shvetsiya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya va Evropa Ittifoqi ham Gʻarbiy Sohilda ekstremistik kayfiyatdagi aholi tomonidan falastinliklarga hujumlar misli koʻrilmagan darajada koʻpayganidan chuqur xavotir izhor etgan va Tel-Avivdan zoʻravonliklarga chek qoʻyishni talab qilgan edi.

Masalan, 2024 yil mart oyida yuzlab yahudiy kelgindilari tomonidan Al-Mugʻayir qishlogʻiga uyushtirilgan hujum oqibatida bir falastinlik halok boʻlgan, yigirmadan ziyodi jarohatlangan edi. Ekstremistlar falastinliklarga tegishli uy va avtomobillarga oʻt qoʻygan.

Gʻarbiy Sohildagi yahudiy kelgindilari yoqib yuborgan doʻkon. Foto: AFP
Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – Gʻarbiy Sohil va Sharqiy Quddusda koʻp yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi.

Isroildagi Peace Now inson huquqlar tashkiloti Binyamin Netanyahu hukumatining noqonuniy turarjoylar qurish harakatini qoralar ekan, bu orqali Gʻarbiy Sohilni butunlay ishgʻol etish koʻzlanganidan ogohlantirgan.

BMT Xavfsizlik kengashining 2016 yil 23 dekabr kuni qabul qilingan rezolyutsiyasida Isroildan ishgʻol ostidagi Falastin erlarida gʻayriqonuniy turarjoylar qurishni butkul toʻxtatish talab qilingan.

20-21 yanvar kunlari Gʻarbiy Sohilda noqonuniy ravishda yashab kelayotgan yahudiylar Isroil askarlari himoyasida falastinliklarga tegishli transport vositalari va mulkka oʻt qoʻygan.

Tahlilchilar Trampning sanktsiyalarni bekor qilishga doir farmoni Gʻarbiy Sohilda yahudiy ekstremistlarining zoʻravonligini yanada kuchaytirishidan xavotir bildirmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo