20:17 / 24.01.2025
187

Amazon irqiy va gender xilma-xillik siyosatidan voz kechdi

Amazon irqiy va gender xilma-xillik siyosatidan voz kechdi
Donald Trampning AQSh hokimiyatiga kelishi munosabati bilan Amazon kompaniyasi irqiy, gender tenglik va inklyuzivlikni ta'minlovchi “DEI” dasturidan voz kechishga qaror qildi.

Amazon oʻzining ommabop veb-saytlaridan ishchilarni himoya qilishga qaratilgan bir qator siyosatlarni, jumladan, qora tanli xodimlar bilan birdamlik va'dalarini va transgender xodimlar uchun tibbiy yordam imtiyozlarini shov-shuvsiz olib tashladi, deyiladi The Washington Post xabarida.

Qayd etilishicha, Amazon ushbu dasturlarni “eskirgan va siyosiy voqelikka mos kelmaydigan” deb tan olgan.

Foto: Shutterstock
Nashr ma'lumotlariga koʻra, sahifalar taxminan bir oy oldin oʻchirilgan. Oʻzgarishlar bir nechta siyosatlarga, shuningdek, boʻlimlarning nomlariga ham ta'sir koʻrsatgan. Ilgari “Xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik” deb nomlangan boʻlim endi “Inklyuziv tajriba va texnologiyalar” deb atalmoqda, “DEIni texnologiyalar orqali rivojlantirish” boʻlimi esa endi “xodimlar tajribasini takomillashtirish” va'dasiga aylangan.

Alohida guruhlar uchun dasturlar yaratish oʻrniga, biz tasdiqlangan natijalarga ega dasturlarga e'tibor qaratamiz va biz ham korporativ madaniyatimizni rivojlantirishga intilamiz, deyiladi kompaniya ichki hujjatida.

Joriy yilning 20 yanvaridan prezidentlik lavozimiga kirishgan Tramp AQSh siyosatidagi muhim oʻzgarishlar haqida gapirar ekan, turli genderlarni ijtimoiylashtirish, ularni odamlar hayotiga tiqishtirishdan voz kechishini ta'kidlab oʻtgandi.

"Shu hafta jamoatchilik va shaxsiy hayotning har jabhasiga turli genderlarni tiqishtirishga urinishdan iborat boʻlgan davlat siyosatiga chek qoʻyaman. Biz rang-baranglarni yoqtirmaydigan va qadr-qimmatga asoslangan jamiyatni yaratamiz. Bugundan boshlab AQSh hukumatining rasmiy siyosati faqat ikki jins — erkak va ayol jinsi bor deb tan olishdan iborat boʻladi", dedi AQSh prezidenti.

Avvalroq AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Maykl Jonson Oq uyda qilgan chiqishida AQSh bundan buyon oʻz siyosatida faqat ikki jinslilik tamoyili asosida harakat qilishini ma'lum qilgandi.

"Erkaklar hech qachon ayolga aylana olmaydi. Bu haqda gapirishga majbur boʻlayotganimiz achinarli. Bu biologiya masalasi. Biz yaratilishdan erkak yoki ayol qilib yaratilganmiz. Agar biz buni tan olmasak yoki buni rad etishga harakat qilsak, oʻzimiz xavf ostida qolamiz, qizlarimizga esa zarar keltiramiz", dedi u.

Jo Bayden boshqaruvi paytida siyosatchilarning bunday chiqishlarini uchratish amrimahol boʻlgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo