AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni hali Oq uyga bormay turib bir kunda hal qilishini aytib katta ketgandi. Bu shunchaki blef ekani aniq edi, chunki Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyoda kuzatilayotgan eng katta urushni bir kunda tugata oladigan faqat bir odam bor va bu Tramp emas. Oʻsha odam xohlasa, urushni bir lahzada tugatadi, lekin u bunday qilmoqchi emas...
Tramp prezidentligining toʻrtinchi kuni oʻtdi, lekin qirgʻinbarot hamon tugagani yoʻq. Ukraina Rossiya neftni qayta ishlash zavodlarini, Rossiya esa Ukrainani, Kiyevni va hatto Gʻarbdagi Lvivni bombalashda davom etmoqda. Toʻgʻri, Tramp avvalo Amerika ichkarisidagi muammolarni hal qilib olishi kerak, lekin u prezidentlikka kirishishi bilan eng avval aynan Ukrainadagi urushni toʻxtatishini aytib katta gapirgandi.
«Agar Rossiya koʻnmasa...»
Trampning aytishicha, u urushni toʻxtatish uchun ikki tomonga ham bosim oʻtkazadi. Rossiyadan urushni tezda tugatishni talab qiladi. Agar Moskva bunga koʻnmasa, Rossiyadan AQShga kiradigan har qanday mahsulotga qoʻshimcha boj qoʻyiladi, shuningdek, yangi sanktsiyalar joriy etiladi.
«Men ruslarga zarar etkazmoqchi emasman, ularni yaxshi koʻraman. Putin bilan ham munosabatlarimiz yaxshi, Rossiya 2016 yildagi saylovlarimizga aralashishga uringan boʻlsa ham. Ikkinchi jahon urushini engishimizda Rossiya bizga yordam berganini unutmaslik kerak. Iqtisodiyoti qulayotgan Rossiya va Putinga katta xizmat qilmoqchiman. Urushni hoziroq toʻxtatib, bu bema'ni mojaroga chek qoʻying. Vaziyat yomonlashib boryapti.
Agar tez orada kelishuv imzolamasak, menda bojlar va sanktsiya qoʻllashdan boshqa chora qolmaydi. Keling, bu urushni tugatamiz. Men prezident boʻlganimda urush boshlanmasdi ham. Uni oson yoki qiyin yoʻl bilan tugatish mumkin va oson yoʻl – eng yaxshisi. Kelishish vaqti keldi. Ortiq odamlar oʻlmasligi kerak», dedi Tramp.
«U ham farishta emas»
Donald Trampning fikricha, urush boshlanishiga ikki tomon ham aybdor. Putin urushni boshlamasligi, Zelenskiy esa urushmasligi kerak ekan.
«Putin urushni boshlamasligi kerak edi. Lekin men bir kishini ayblamayman. Rossiya 850 ming, Ukraina 700 ming askarini yoʻqotdi. Zelenskiy haqida gapiradigan boʻlsam, u kelishuv imzolamoqchi ekanini aytdi. Buni ancha oldin qilishi, urush boshlanishiga yoʻl qoʻymasligi kerak edi. U ham farishta emas. Avvalo oʻzidan ancha katta davlatga qarshi urushyapti. Toʻgʻri, u juda mardonavor turib berdi, lekin biz ularga milliardlab dollar pul berdik – 200 milliard dollar! Bu – butun Evropa berganidan ham koʻp.
Zelenskiy oʻzidan ancha qudratli tomon bilan urushyapti. Bunday qilmasligi kerak edi, chunki biz kelishuvga erishishimiz mumkin edi, bu arzimagan narsa boʻlardi. Men osongina kelishardim. Zelenskiy urushaman, dedi. Lekin Rossiyada 30 mingta bronitexnika bor edi, Ukrainada esa deyarli hech narsa. Biz ularga qurol beraverdik, beraverdik, ular qurollarni qat'iyat bilan ishlatmoqda, lekin bu urushni tugatish kerak», dedi Tramp.
4 yillik tinchlik boʻladimi?
Rossiyalik muxolif siyosatchi Ilya Yashin Trampning chiqishlaridan xavotir bildirdi. Uning fikricha, Tramp ikki tomonga bosim oʻtkazish orqali mojaroni 4 yilga, ya'ni u prezident boʻladigan muddatda muzlatish haqida oʻylayotgan boʻlishi mumkin. Bunday holatda Rossiya kuch toʻplab yana Ukrainaga hujum qilishi mumkin, Tramp urushni toʻxtatishni emas, oʻzini tinchlikparvar qilib koʻrsatishni istamoqda, degan fikrda Yashin.
«Agar AQSh Ukrainani Rossiyaga «topshirsa», bu xalqaro tartibot barbod boʻlishiga olib keladi. Dunyodagi odamlarda endi diktatorlar istagan narsasiga kuch bilan erisha olarkan degan tushuncha paydo boʻladi. Ukrainani egallasa, Putinning ishtahasi yanada ochiladi, u toʻxtamaydi va Boltiq boʻyi davlatlariga, Polshaga, unga imkon berilgan hududgacha boraveradi. Bunga shubha qilmayman», dedi Yashin.
Siyosatchi dunyo uchinchi jahon urushiga juda yaqinlashgani, Putin bilan kelishuv uning boshlanishini tezlatishi mumkin ekanini aytdi.
Neft orqali bosim
Donald Tramp shu kunlarda urushni toʻxtatish uchun boshqa bir usuldan foydalanish mumkinligi haqida gapirdi. Davosdagi iqtisodiy forumda qatnashayotgan Tramp neft narxini tushirish ustida ishlayotganini aytdi. «Saudiya Arabistoni va OPEK neft narxini tushirishi kerak.
Narx tushsa, Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urush tezda tugaydi», dedi Tramp. U hali bu gapni ayta boshlagan vaqtning oʻzida neft narxi 1 dollarga arzonladi.
Tramp shuningdek, urushni tugatishda Xitoyning yordamiga umid qildi. AQSh prezidenti tez orada Putin bilan koʻrishib, kelishuv masalasini muhokama qilishini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, Kiyev kelishuvga allaqachon rozi boʻlgan.
Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar