Foto: Getty Images
Ukraina prezidentining ofisi yaqin kunlarda 18-25 yoshdagi erkaklarni harbiy xizmatga chaqirish boʻyicha qonunchilikka oʻzgartirish kiritish taklifini e'lon qiladi. Bu haqda Milliy xavfsizlik departamenti maslahatchisi Nikolay Shur ma'lum qildi.
Shurning aytishicha, gap safarbarlikka jalb etilmaydigan 18-25 yosh oraligʻidagi fuqarolar bilan ixtiyoriy ravishda shartnoma tuzish haqida ketmoqda. Shartnomani imzolaganlar moliyaviy jihatdan ragʻbatlantiriladi va boshqa imtiyozlarga ham ega boʻladi.
«Qonunchilikka ham, prezident farmonlariga ham bir qator oʻzgartirishlar kiritiladi. Hujjatlarga turli darajadagi oʻzgartirishlar kiritilishi kutilmoqda. Oʻylaymanki, yaqin kunlarda taqdimot boʻladi. Hozir texnik jihatlari kelishilmoqda, yana nimadirlar oʻzgarishi mumkin. Mudofaa vazirligi, Bosh shtab, jamoat tashkilotlari vakillaridan tuzilgan ishchi guruh faoliyat olib bormoqda. Kontseptsiya ishlab chiqilgan», — deydi Shur.
Ukrainada 2022 yil 24 fevraldan beri umumiy safarbarlik amalda. Oʻtgan yil bahorida uning qoidalariga oʻzgartirishlar kiritilgan: xususan, harbiy xizmatga chaqiruv yoshi 27 dan 25 yoshga tushirilgan edi.
Rossiya kuchlarining hujumlari sabab AQShning oldingi administratsiyasi Kiyevni safarbarlik yoshini 25 dan 18 yoshga tushirishni taklif qilgandi. Ukraina tomoni buni rad etib, asosiy muammo qurol-yarogʻ etishmasligida ekanini bildirgandi. Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, u Gʻarbdan «bir yildan oshiqroq vaqt oldin» Ukraina Qurolli kuchlarining 10 ta brigadasini ta'minlashni soʻragan, ammo hozirgi kunga kelib ularning faqat 2,5 tasi qurollantirilgan.
«Evropalik yoki amerikalik amaldorlarda safarbarlikni tezlashtirish rejasi boʻlsa, sheriklarimiz oʻz ishini, biz esa oʻzimizning ishni qilishimizni xohlayman», — degan edi Zelenskiy. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar