date
views 896

Turkiyada mehmonxonadagi yongʻin nima sababdan yuz bergani aniqlandi

Turkiyada mehmonxonadagi yongʻin nima sababdan yuz bergani aniqlandi
Foto: Sabah
Tergov Turkiya shimoli-gʻarbidagi Kartalkaya togʻ-changʻi kurortida joylashgan mehmonxonada yuz bergan yongʻin nima sababdan kelib chiqqanini aniqladi, deb xabar beradi Sabah gazetasi.

Mas'ul organlarning ma'lumotlariga koʻra, yongʻin soat 03:21 da mehmonxona restoranida boshlangan. Bu vaqtda oshxona ishchilari nonushta tayyorlash maqsadida mahsulotlarni gril-plitada qovurayotgan boʻlgan. Qurilma ustidagi yogʻ uzoq vaqt davomida qizib ketgani bois kutilmaganda alangalangan.

Oshpaz va oshxona ishchilari olovni mustaqil oʻchirishga uringan. Ammo oʻt oʻchirish moslamasidan foydalanish oʻrniga ular alanga ustiga suv sepishga qaror qilgan. Bu esa ovolning yanada tarqalishiga sabab boʻlgan.

Olov moy izlaridan tozalanmagan havoni tortish va ventilyatsiya tizimi orqali tomga tarqalgan. Natijada alanga butun binoni qamrab olgan. Shunday qilib, Grand Kartal mehmonxonasida sodir boʻlgan yongʻin oshpazlarning mas'uliyatsizligi oqibatida kelib chiqqan.

Bunga qoʻshimcha ravishda fojia yuz bergan vaqtda mehmonxona oʻt oʻchirish tizimi ishlamayotgan boʻlgan. Bu esa mehmonlar xavfdan oʻz vaqtida ogohlantirishsiz qolib ketishiga olib kelgan. Vahimaga tushgan oshxona xodimlari yuzaga kelgan yongʻindan mehmonlarni xabarsiz qoldirib, koʻchaga yugurib chiqqan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, toʻrt nafar oshxona xodimi, oshpaz Feysal Yaver, shuningdek, Yusuf Qoraxonli, Fidan Kurch va Mehmen Gyunduz ismli ishchilar qoʻlga olingan. Ularga nisbatan odamlar oʻlimiga olib kelgan mas'uliyatsizlik moddasi boʻyicha ayblov e'lon qilingan.

21 yanvar kuni boshlangan yongʻin vaqtida ba'zi mehmonlar mehmonxona oynasidan sakragan. Boshqalar esa bogʻlangan choyshab va adyol yordamida erga tushishga harakat qilgan. Yongʻin joyiga oʻnlab oʻt oʻchirish mashinasi va 38 ta tez tibbiy yordam mashinasi joʻnatilan. Mehmonxonaning togʻ yonbagʻrida joylashgani qutqaruv ishlarini qiyinlashtirgan. Hodisa oqibatida jami 78 kishi halok boʻlgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiyada mehmonxonadagi yongʻin nima sababdan yuz bergani aniqlandi