Dubayda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov oilasiga tegishli toʻrtta villa aniqlandi, deb yozmoqda “Vajniye istorii” nashri.
Checheniston rahbarining ammavachchasi Shahruddi Edilgiriyev Dubayda umumiy qiymati 20 million dollardan oshiq boʻlgan toʻrtta hashamatli uyga egalik qilmoqda.
Shahruddi Edilgiriyev va Ramzan Qodirov
Foto: “VK”/ Ramzan Qodirov
"Bu Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) eng yirik shahrida koʻchmas mulk haqidagi ma'lumotlar tarqalishi tufayli ma'lum boʻldi", deyiladi xabarda.
Jurnalistlar qoʻlga kiritgan ma'lumotlarga koʻra, Edilgiriyev birinchi villani 2022 yil dekabr oyida Zabeel Investment qurilish kompaniyasidan sotib olgan. Palm-Jumeyra sun'iy orolidagi 1026 kvadrat metrlik koʻchmas mulk unga 53 million dirham yoki 14,4 million dollarga tushgan. Bu usmoniylar uslubidagi besh xonali uy — Zabeel Saray mehmonxona majmuasi hududida joylashgan “Qirollik villalari”dan biri hisoblanadi.
Edilgiriyev uyni sotib olishidan oldin bu villa “hashamat, qulaylik va eksklyuziv yolgʻizlik” izlayotgan mehmonlarga ijaraga berilgan. “Ukrainskaya pravda” nashrining avvalgi tadqiqotida yozilishicha, Qodirov bu villadan taxminan 2014 yildan beri Chechenistonning “norasmiy elchixonasi” sifatida foydalanib kelgan.
Shu uyda Checheniston rahbarining arab va musulmon mamlakatlaridagi oʻsha paytdagi vakili, Qodirovning yana bir qarindoshi Turko Dovudov ham istiqomat qilgan. Qirollik birlashgan mudofaa tadqiqotlari instituti ma'ruzasida ta'kidlanishicha, aynan uning sa'y-harakatlari tufayli Yaqin Sharq davlatlari Ukrainadagi urush uchun Rossiyaga qarshi sanktsiyalarga qoʻshilmagan.
2023 yil oktyabr oyida Edilgiriyev Dubayda yana uchta hashamatli villani xarid qilgan. Ular shaharning quruqlik qismida joylashgan boʻlib, uylarning umumiy qiymati 6 million dollarga yaqin. Edilgiriyev – Qodirovning uchta ammavachchalarining eng kichigi. Ular ham Checheniston rahbari singari Sentoroy qishlogʻida tugʻilgan, ularning onasi Ramzanning otasi Ahmad Qodirovning tugʻishgan singlisi. Aka-ukalarning eng kattasi Amrudi Edilgiriyev Checheniston hokimiyatida turli lavozimlarda ishlagan, hozirda esa respublikada masjidlar qurilishiga mas'ul hisoblanadi.
Der Spiegel nashrining ma'lumotlariga koʻra, oʻrtancha ukasi Paxrudi Edilgiriyev Qodirovning qoʻriqlash xizmatida ishlagan va inson huquqlari himoyachisi Muhammad Abdurahmonovga suiqasd uyushtirishga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha Evropa ittifoqi tomonidan qidiruvga berilgan.
Qodirovning BAA bilan aloqalari mustahkam. “Ukrainskaya pravda”ga koʻra, birgina 2021—2022-yillarda uning shaxsiy samolyoti BAAga kamida 14 marta parvoz qilgan. FlightRadar24 ma'lumotlariga koʻra, 2023—2024-yillarda Qodirovning samolyoti Dubay va uning atrofida kamida toʻrt marta boʻlgan. Qodirov Rossiya prezidenti Vladimir Putinga BAAga rasmiy tashriflari chogʻida bir necha bor hamrohlik qilgan, mamlakat prezidenti shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonni esa “aziz birodar” deb atagan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar