23:26 / 30.01.2025
40

Vashington osmonida samolyot halokati: sabablar va qurbonlar haqida nimalar ma'lum?

Vashington osmonida samolyot halokati: sabablar va qurbonlar haqida nimalar ma'lum?
Foto: AFP
Samolyotdagi yoʻlovchilar orasida figurali uchish boʻyicha AQSh chempionatidan qaytayotgan sportchilar va murabbiylar ham boʻlgan. BBC hodisa haqida ma'lum boʻlgan faktlarni keltirdi.

Nima voqea yuz berdi?

Toʻqnashuv mahalliy vaqt bilan 21:00 atrofida (Toshkent vaqti bilan 7:00 atrofida) sodir boʻldi. American Airlines brendidan foydalanadigan PSA Airlines aviakomaniyasining Bombardier CRJ700 samolyoti Kanzas shtati, Uichita shahridan uchib kelayotganida Ronald Reygan xalqaro aeroportiga qoʻnish chogʻida Sikorsky H-60 (Black Hawk) harbiy vertolyoti bilan toʻqnashib ketdi.

Pentagonning ma'lum qilishicha, vertolyot Virjiniya shtatidagi Fort-Belvuar shahridan havoga koʻtarilgan. Harbiylarga koʻra, vertolyot oʻquv parvozini amalga oshirgan.

Samolyot bortida 64 kishi — 60 yoʻlovchi va toʻrt nafar ekipaj a'zosi boʻlgan. Vertolyot bortida 3 nafar amerikalik harbiy xizmatchi boʻlgan, dedi Vashington meri Muriyel Bouzer.

Qutqaruv operatsiyasi halokatdan soʻng darhol boshlandi. Kolumbiya okrugi favqulodda vaziyatlar direktori Jon Donnelli soʻzlariga koʻra, suv juda sovuq va atrof qorongʻi edi.

«Shamol esmoqda. Suvda muz boʻlaklari bor... Yorugʻlik etishmagani sababli, har kvadrat dyuym maydonni tekshirib chiqishga toʻgʻri keladi», dedi u. «Bular [qutqaruvchilar] suvga shoʻngʻishi uchun juda qiyin sharoit», deb qoʻshimcha qildi Donnelli.

Foto: AFP
Rasmiylarga koʻra, samolyot bir necha boʻlaklarga ajralgan va hozir 1,5-2,4 m chuqurlikda suv ostida qolgan. Halok boʻlganlarning jasadini suvdan chiqarib olish jarayoni davom etmoqda.

«Biz bu halokatda omon qolganlar borligiga ishonmaymiz», dedi Jon Donnelli.

Gʻavvoslar hozircha samolyotning ikkita registratoridan (qora qutilar) biri boʻlishi taxmin qilinayotgan ob'ektni topgan. Suvga qulagan harbiy vertolyot toʻntarilgan holatda, ammo jiddiy shikastlanmagani koʻrinadi.

Samolyot bortida kimlar boʻlgan?

Halok boʻlganlar va jarohatlanganlar haqida rasmiy ma'lumot yoʻq, rasmiylar esa yoʻlovchilarning ismlarini aytmayapti. Biroq AQSh figurali uchish federatsiyasi American Airlines aviakompaniyasi 5342 reysi bortida oʻz sportchilari va murabbiylari boʻlganini tasdiqladi.

«Ushbu sportchilar, murabbiylar va ularning oila a'zolari Kanzas shtatining Uichita shahrida figurali uchish boʻyicha AQSh chempionati bilan birgalikda oʻtkazilgan Milliy rivojlanish lagerida qatnashib uyga qaytayotgan edi», deyiladi federatsiya bayonotida.

20-26 yanvar kunlari Uichita shahrida figurali uchish boʻyicha 2025 yilgi AQSh chempionati boʻlib oʻtdi.

Evgeniya Shishkova va Vadim Naumov
Rossiyaning TASS axborot agentligi oʻz manbasiga tayanib, samolyot bortida figurali uchish boʻyicha jahon chempionlari Evgeniya Shishkova va Vadim Naumov boʻlganini da'vo qildi. Shishkova va Naumov 1994 yilda Rossiya terma jamoasi tarkibida figurali uchish boʻyicha juftliklar oʻrtasidagi jahon chempionatida gʻolib boʻlgan. Ular keyinchalik AQShga koʻchib oʻtgan. Ularning oʻgʻli Maksim Naumov ham Uichita shahridagi musobaqada qatnashgan, uning taqdiri noma'lum.

Maksim Naumov
TASS manbasining xabar berishicha, yoʻlovchilar orasida konkida uchish boʻyicha 1980 yilgi SSSR chempionatining bronza medali sovrindori Inna Volyanskaya ham bor. Soʻnggi yillarda u AQShda murabbiy boʻlib ishlagan.

Nima uchun toʻqnashuv sodir boʻldi?

AQSh prezidenti Donald Tramp halokatdan koʻp oʻtmay, qanday qilib bunday toʻqnashuv sodir boʻlishi mumkin degan savolni oʻrtaga qoʻydi.

«Samolyot ideal va an'anaviy yoʻnalishda aeroportga yaqinlashayotgan edi. Vertolyot uzoq vaqt davomida toʻgʻridan-toʻgʻri samolyot tomon uchdi. Tun ravshan edi, samolyot chiroqlari yonib turardi. Nega vertolyot yuqoriga koʻtarilmadi yoki pastga tushmadi yoki burilmadi? Nega dispetcherlik minorasi vertolyotga nima qilish kerakligini aytmadi, faqat «samolyotni koʻryapsizmi», deb soʻradi. Bu yomon vaziyat, uning oldini olish kerak edi», deb yozdi Tramp Truth Social sahifasida.

Live ATC veb-saytida e'lon qilingan suhbat audioyozuviga koʻra, dispetcher vertolyot uchuvchisidan American Airlines aviakompaniyasi yoʻlovchi samolyotini koʻryapsizmi deb soʻragan, ammo javob olmagan.

«PAT25, CRJni koʻryapsizmi? CRJ ortidan oʻting», deydi dispetcher. (PAT25 — vertolyotning, CRJ – samolyotning chaqiruv belgisi)

Keyin dispetcherlar oʻzaro suhbatda toʻqnashuv boʻlganini tasdiqlaydi. Audioyozuvda «Toʻqnashuv, toʻqnashuv, toʻqnashuv, bu uchinchi signal», degan gaplar eshitiladi. «Bilmayman, siz avvalroq nima boʻlganini payqadingizmi, lekin 3-3 ga yaqinlashganda toʻqnashuv yuz berdi. Biz operatsiyalarni noma'lum muddatga toʻxtatamiz. Harakatlaringizni kompaniya bilan muvofiqlashtirishni qat'iy tavsiya qilaman. Nima qilishni xohlayotganingizni ayting», deydi dispetcher 33-qoʻnish yoʻlagiga ishora qilib. «Vertolyot ham, samolyot ham daryoga qulab tushdi», deydi uchinchi dispetcher. «Bu daryoning oʻrtasida boʻlsa kerak», deydi dispetcher. «Men hozirgina olovli sharni koʻrdim, keyin u gʻoyib boʻldi. Ular daryoga qulaganidan keyin hech narsani koʻrmadim. Ammo aynan CRJ va vertolyot toʻqnashib ketdi».

Foto: Reuters
Mutaxassislar nima deydi?

American Airlines aviakompaniyasi samolyoti ham, Black Hawk vertolyoti ham halokatga uchragunga qadar yoʻnalishi va balandligi haqida ma'lumot uzatgan. Ikkala havo kemasining signali turlicha boʻlsa-da, ular bir-biriga yaqinlashayotgani ADS-B Exchange saytida koʻrinib turgan.

Bundan tashqari, zamonaviy samolyotlar yaqin atrofdagi boshqa samolyotlarni aniqlaydigan va havoda toʻqnashish xavfidan ogohlantiradigan (TCAS) tizimi bilan jihozlangan.

Aviatsiya boʻyicha maslahatchi Jefri Tomas soʻzlariga koʻra, havodagi toʻqnashuvlar oʻtmishda qolishi kerak edi: yangi texnologiya samolyotlarga bir-biriga elektron xabar joʻnatish imkonini beradi va uchuvchilarni ehtimoliy toʻqnashuv haqida ogohlantiradi. Uning soʻzlariga koʻra, TCAS tizimi soʻnggi davrda minglab odamlarning hayotini saqlab qolgan.

Biroq, American Airlines aviakompaniyasining sobiq uchuvchisi Dug Rays soʻzlariga koʻra, tizim 700 futdan (213 m) pastda samarasiz.

Kuzatuv veb-saytidagi ma'lumotlarga koʻra, toʻqnashuvdan oldin samolyotning oxirgi qayd etilgan balandligi taxminan 200 fut (60 m) boʻlgan.

Sobiq uchuvchi Jorj Bekon soʻzlariga koʻra, harbiy samolyotlar va vertolyotlar muntazam ravishda yoʻlovchi samolyotlari yaqinida uchadi.

«AQShda harbiy uchuvchi sifatida ishlaganman va Vashington atrofidagi havo hududi bilan biroz tanishman. Bu juda gavjum joy, ammo fuqarolik va harbiy samolyotlar bir xil radiochastotadan foydalanadi. Odatda harbiy uchuvchi oʻzini oʻzi boshqaradi, qayerga uchishni, yoʻnalishni mustaqil tanlaydi. Ammo nazorat qilinadigan bunday osmonda ular dispetcherning koʻrsatmalariga amal qiladi», dedi Bekon.

Bekon, shuningdek, havo harakati dispetcheri vertolyot uchuvchilariga nima qilish kerakligini aytmaganidan hayratda qolgan Tramp savoliga ham qisman javob qaytardi.

«Dispetcher odatda shunday ishlaydi: «Samolyotni koʻryapsizmi?», deydi. Bu juda aniq koʻrsatma boʻladi, shunda harbiy vertolyot uchuvchisi yoʻlovchi samolyotlaridan qochishga majbur boʻladi».

Yana bir savol tugʻiladi: nega vertolyot yoʻnalish boʻyicha koʻrsatmalar oldi, biroq, unga amal qilmadi?

«Samolyotning parvoz yoʻnalishi va radiosuhbatlarga e'tibor bersak, Black Hawk vertolyotiga negadir samolyot bilan vizual uzoqlashishga buyruq berilgan, ammo buning sababi nima ekanini bilmayman», dedi Avstraliya fuqaro aviatsiyasi xavfsizligi boshqarmasi xodimi Toni Stenton.

«Bu men tergovchi sifatida oʻrganishni istaydigan vaziyat. Black Hawk ekipaji buyruqni nega bajarmagani qiziq», dedi Stenton.

AQSh poytaxtidagi asosiy muammolardan biri bu fuqarolik va harbiy samolyotlar tomonidan taqsimlangan havo hududining gavjumligi, deb ta'kidladi Reuters muxbiri Devid Sheperdson. Koʻplab harbiy bazalar joylashgan Vashington hududida harbiy vertolyotlarni koʻrish an'anaviy holat. Masalan, AQSh hukumati Hisob palatasining 2021 yilgi hisobotiga koʻra, 2016-2019 yillarda Reygan milliy aeroportidan 48 km radiusda 88 mingta vertolyot parvozi amalga oshirilgan, ulardan 33 mingtasi harbiy vertolyot.

Bundan tashqari, aeroportning oʻzi ham juda gavjum. Uchish-qoʻnish yoʻlaklari qisqa boʻlgani uchun parvozlarning 90 foizdan ortigʻi asosiy uchish-qoʻnish yoʻlagidan amalga oshiriladi, bu esa har kuni 800 dan ortiq uchish va qoʻnish demakdir, deb xabar berdi Reuters.

Rasmiylarning bayonotlariga qaraganda, endi asosiy savol — vertolyot nima uchun oʻziga xos boʻlmagan balandlikda uchib yurgani. Hozir tergovchilar aynan shu narsani tekshirmoqda. American Airlines aviakompaniyasi vakili Robert Isom ham bu haqda gapirdi. Uning soʻzlariga koʻra, samolyot standart yoʻnalishda boʻlgan va vertolyot nima uchun uning yoʻliga tushib qolgani noma'lum.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo