14:11 / 31.01.2025
49

Italiya DeepSeek chat-botini blokladi va tergov boshladi

Italiya DeepSeek chat-botini blokladi va tergov boshladi
Italiyaning shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish boshqarmasi (GPDP) DeepSeek chat-botini mamlakat hududida blokladi. Idora bayonotiga koʻra, bu qaror italiyalik foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan. Shu bilan birga, GPDP ushbu chat-bot faoliyatiga oid tergovni ham boshladi.

28 yanvar kuni boshqarma DeepSeek kompaniyasidan foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini yigʻish va qayta ishlash jarayonlari haqida batafsil ma'lumot taqdim etishni talab qildi. Ammo kompaniya Italiyada rasman faoliyat yuritmasligini va shu sababli Evropa qonunlari unga tatbiq etilmasligini asos qilib, bu talabni rad etdi.

Shuningdek, kecha Italiyadagi onlayn-ilovalar doʻkonlaridan DeepSeek platformasi olib tashlangan.

DeepSeek haqida ma'lumot

DeepSeek — ochiq kodli katta til modellari (LLM) ishlab chiquvchi kompaniya boʻlib, Xitoyning Chjeszyan provintsiyasi, Xanchjou shahrida joylashgan. Kompaniya 2023 yilda tashkil etilgan va High-Flyer hedj-fondi tomonidan toʻliq moliyalashtiriladi. Unga bosh direktor Lyan Venfeng rahbarlik qiladi.

DeepSeek sun'iy intellekt bozoriga katta ta'sir koʻrsatgan platformalardan biri hisoblanadi. Uning paydo boʻlishi ChatGPT kabi mashhur chat-botlar hamda Nvidia singari grafik tezlatgich ishlab chiqaruvchi texnogigantlar uchun moliyaviy yoʻqotishlarga sabab boʻldi.

Italiya hukumati va GPDP'ning mazkur qarori DeepSeek faoliyatiga qanday ta'sir koʻrsatishi va sun'iy intellekt bozoridagi vaziyat qanday rivojlanishi hozircha noma'lum.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo