Foto: The Times of Israel
Isroil harbiylari Livan janubidagi oʻz kuchlarini olib chiqishi kerak boʻlgan Aytarun aholi punktida uylarni yoqib yuborib, oʻt ochishni toʻxtatish qoidalarini buzdi.
Livan ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Isroil armiyasi Aytarunda joylashgan Xarika tumanidagi uylarga oʻt qoʻygan.
Isroil qoʻshinlari aholi punktini tark etib, uni Livan armiyasi nazoratiga topshirishi kutilmoqda. Biroq, oʻn kundan beri Livan armiyasi Isroil harbiylari tomonidan toʻsiqlar tufayli ushbu hududga kira olmaydi. Ayni paytda Isroil harbiy texnikasi bilan yopilgan yoʻlni ochish va xavfsizlikni ta'minlash ishlari olib borilmoqda.
Isroil qoʻshinlari toʻliq olib chiqib ketilmaguncha va vaziyat barqarorlashmaguncha, fuqarolarga Aytarunga qaytish taqiqlangan.
Isroil Livandan qoʻshinlarni olib chiqishni keyinga qoldirdi
Livandagi oʻt ochishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi kelishuvda Isroil armiyasining rejali ravishda chiqib ketishi 60 kun ichida yakunlanishi belgilangan edi. Ushbu band chiqib ketish jarayoni 60 kundan keyin ham davom etishi mumkinligini tushungan holda ishlab chiqilgan, deyiladi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kanselyariyasi xabarida.
Kanselyariyaning ta'kidlashicha, Isroil kuchlarini olib chiqish jarayoni Livan armiyasining mamlakat janubida joylashishi hamda “Hizbulloh” kuchlari va infratuzilmasini Litani daryosining shimoliga surib, kelishuvga toʻliq va samarali rioya etilishini ta'minlashi bilan bogʻliq.
Livan tomonidan oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvi hali toʻliq bajarilmaganligi sababli, bosqichma-bosqich chiqish jarayoni Qoʻshma Shtatlar bilan toʻliq muvofiqlikda davom ettiriladi, deya aniqlik kiritdi bosh vazir idorasi.
Ta'kidlanishicha, Isroil mamlakat shimolida joylashgan aholi punktlari va fuqarolarini xavf ostiga qoʻymaydi, “shimoldagi harbiy harakatlarning asosiy maqsadi esa aholini oʻz uylariga xavfsiz qaytarish toʻliq amalga oshirilishini qat'iy talab qiladi”.
2024 yil 27 noyabrga oʻtar kechasi Isroil va Livan oʻrtasida deyarli 14 oylik uzluksiz keskinlik ortishidan soʻng Amerika tomonidan taklif etilgan kelishuv rejasiga muvofiq oʻt ochishni toʻxtatish tartibi kuchga kirdi. Bitimni tasdiqlashdan oldin Netanyaxu xalqqa murojaat qilib, shimoliy frontda oʻt ochishni toʻxtatish zarurligini tushuntirdi va “Hizbulloh” tomonidan sulh buzilgan taqdirda Isroil javob qaytarib, harbiy harakatlarni qayta boshlashini ta'kidladi.
AQSh tomonidan taklif qilingan kelishuv rejasiga koʻra, 60 kun ichida Livan armiyasi mamlakat janubidagi hududlarni egallashi, “Hizbulloh” kuchlari va infratuzilmasi esa Isroil chegarasidan 20-30 kilometr masofada joylashgan Litani daryosining shimoliy qismiga oʻtkazilishi kerak.
Joriy yil boshida Isroil “Hizbulloh” harakati bilan kelishilgan 60 kunlik oʻt ochishni toʻxtatish rejimini uzaytirishga urinayotgani haqida xabar berilgandi.
“60 kun muddati 26 yanvarda, ya'ni AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp oʻz lavozimiga kirishganidan olti kun oʻtgach tugasa-da, Bayden ma'muriyati vakillari muammolarni hal qilishga va keyingi ikki hafta davomida oʻt ochishni toʻxtatish rejimi buzilishining oldini olishga harakat qilmoqda”.
Livan Sogʻliqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga koʻra, 26 yanvardan beri Isroil armiyasi hujumlari oqibatida 28 kishi halok boʻlgan, 216 kishi jarohatlangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar