15:25 / 05.02.2025
409

Yanukovichning oʻgʻli Rossiya bosib olgan hududlardagi koʻmir savdosidan milliardlab daromad topmoqda

Yanukovichning oʻgʻli Rossiya bosib olgan hududlardagi koʻmir savdosidan milliardlab daromad topmoqda
Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovichning oʻgʻli Aleksandr Yanukovich Rossiya nazoratidagi Ukraina hududlaridan koʻmir savdosi orqali katta daromad topayotgani ma'lum boʻldi. «Vajniye istorii» nashri 4 fevral kuni e'lon qilgan surishtiruvga koʻra, 2023-2024 yillarda Yanukovich bilan bogʻliq tuzilmalar qariyb yarim million tonna koʻmir eksport qilgan. Koʻmirdan tushgan mablagʻlar Britaniya Virjiniya orollaridagi ofshor hisobraqamlariga oʻtkazilgan boʻlib, mahsulot asosan Turkiya va boshqa davlatlarga etkazilgan.

Yanukovichga bogʻliq koʻmir savdo sxemasi

Jurnalistlarning ma'lumotlariga koʻra, ushbu sxema markazida «Energoresurs» nomli kompaniya turadi. U Rostov-Don shahrida roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, Donesk viloyatidagi shaxtalardan eksport uchun koʻmir olib sotish bilan shugʻullanadi. Kompaniya koʻmirni «Donskiye ugli», «Vostokugol», «Komsomoles Donbassa», «Jdanovskaya», «Impeks-Don» va boshqa konlardan xarid qiladi.

«Energoresurs» kompaniyasi egasi va rahbari Aleksey Ivanov va Pavel Zemlyakov hisoblanadi. Ular avval Aleksandr Yanukovichning qoʻl ostida turli yuridik va moliyaviy kompaniyalarda ishlagan. 2023 yilda «Energoresurs» Kiprdagi Sl Holdings Limited kompaniyasidan 7 million dollar miqdorida kredit olgan. Bu kompaniya Yanukovichga tegishli «MAKO» xoldingining sobiq xodimi Eduard Slinko tomonidan boshqariladi.

Koʻmir eksport qilingan davlatlar

Evropa Ittifoqi sanktsiyalari sabab, 2022 yildan buyon «Energoresurs» kompaniyasi asosan Turkiyaga koʻmir etkazib bermoqda. Tovar temir yoʻl va dengiz transporti orqali Turkiyaga joʻnatiladi. Qabul qiluvchi kompaniya Britaniya Virjiniya orollarida roʻyxatdan oʻtgan Energy Union boʻlib, 2024 yilda kompaniya bir tonna koʻmirni oʻrtacha 5700 rubldan sotgan.

Mutaxassislarning fikriga koʻra, past narx eksport bojlarini minimallashtirish imkonini beradi, keyin esa Energy Union koʻmirni istalgan joyda yuqori narxda sotishi mumkin. Bunday sxema faqat ushbu kompaniyalar oʻzaro bogʻliq boʻlsa mantiqiydir.

2022 yilgacha Bolgariya, Estoniya, Chexiya va Ruminiya ham «Energoresurs»dan koʻmir sotib oluvchi davlatlar qatorida edi. Jurnalistlarning hisob-kitoblariga koʻra, kompaniya 2021-2023 yillar davomida 3,5 milliard rubl daromad topgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo