14:30 / 06.02.2025
43

Everest choʻqqisiga yolgʻiz chiqish taqiqlandi

Everest choʻqqisiga yolgʻiz chiqish taqiqlandi
Nepal hukumati Everestga (8 849 m) va balandligi 8 ming metrdan ortiq boʻlgan boshqa choʻqqilarga yolgʻiz chiqishni taqiqladi. Bu haqda The Kathmandu Post xabar berdi.

Koʻrib chiqilgan qoidalar yolgʻiz ekspeditsiyalarni taqiqlaydi va sakkiz mingga metr balandlikka chiquvchi har ikki alpinist uchun gid tayinlanishini talab qiladi. Boshqa choʻqqilar uchun qoida har bir guruhga kamida bitta gidni yollashni talab etadi.

“Biz alpinistlarning xavfsizligini ta'minlash uchun gidlarni majburiy qilib qoʻydik, ayniqsa sakkiz ming metrli balandlikda. Alpinistning tajribasidan qat'i nazar, choʻqqilarga yolgʻiz chiqish davri tugadi”, deydi Nepal turizm departamenti bosh direktori Narayan Prasad Regmi.

Everestni zabt etish ruxsatnomasi uchun toʻlov oshdi

1 sentyabrdan boshlab bahor mavsumida (martdan maygacha) odatdagi janubiy yoʻnalish boʻyicha koʻtariladigan xorijliklar uchun toʻlov kishi boshiga 11 ming dollardan 15 ming dollargacha oshdi. Kuz mavsumida (sentyabr — noyabr) narx 5,5 ming dollardan 7,5 ming dollargacha koʻtarildi.

Qishki (dekabr–fevral) va musson (iyun–avgust) mavsumlari uchun bir kishilik narx 2,75 ming dollardan 3,75 ming dollargacha oshdi.

Rasmiylar chiqindilarni utilizatsiya qilish, balandliklarda ishlaydigan nepalliklarning ijtimoiy ta'minoti va davlat daromadlarini oshirishga alohida e'tibor qaratmoqda. Alpinistlar yuqori hududlardagi har qanday chiqindilarni yigʻish va ularni tushirish uchun oʻzlari bilan biologik parchalanadigan paketlarni olib yurishi kerak.

Yangi qoidalarga koʻra, alpinistlarga turizm departamenti tomonidan berilgan ruxsatnomada koʻrsatilmagan narsalarni olib yurish taqiqlanadi.

2024 yilgi bahor mavsumida choʻqqiga koʻtarilish uchun 421 ta pullik ruxsatnoma berilgan. 600 ga yaqin alpinist, jumladan, 200 nafar xorijlik choʻqqiga chiqqan va 2 mingga yaqin kishi bazaviy lagerga tashrif buyurgan. Sakkiz alpinist halok boʻlgan. Umumiy hisobda barcha ekspeditsiyalar 100 tonnaga yaqin chiqindi hosil qilgan.

Everest dunyodagi eng baland togʻ choʻqqisi boʻlib, dengiz sathidan 8 849 metr balandlikda joylashgan. Bu shunchalik balandki, choʻqqiga chiqqan alpinistlar kislorod niqoblari yordamida nafas oladi. Everest Himolay togʻlaridagi boshqa baland, qorli choʻqqilar orasida joylashgan boʻlib, unga olib boradigan yoʻl qadimgi Nepal va Tibet ziyoratgohlari orqali oʻtadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo