06:00 / 07.02.2025
106

Zelenskiy: "Trampning urushni tugatish boʻyicha rasmiy rejasi yoʻq"

Zelenskiy: "Trampning urushni tugatish boʻyicha rasmiy rejasi yoʻq"
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya-Ukraina urushini tugatish boʻyicha rasmiy rejasi hozircha mavjud emasligini ma'lum qildi.

— Rasmiy reja hali yoʻq. Turli nashrlarda tarqalayotgan rejalar... Ishonchim komil, bu prezident Trampning rasmiy rejasi emas, — dedi Ukraina rahbari Evropa Tiklanish va Taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan matbuot anjumanida.

Zelenskiyning ta'kidlashicha, Kiyevda urushni tugatish boʻyicha oʻz tasavvurlari mavjud va aniq bandlar Trampning inauguratsiyasidan oldin AQSh bilan muhokama qilingan.

— Ehtimoliy reja haqida turli talqinlar boʻlishi tabiiy. Qaysidir ma'noda bu xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelishi mumkin, lekin koʻp hollarda bunday emas. Biz rasmiy muzokaralar va natijalarni kutmoqdamiz, — deya qoʻshimcha qildi Ukraina prezidenti.

Yanvar oyi oxirida Ukrainani “Strana.ua” nashri urushni 100 kun ichida tugatish rejasi e'lon qilinganini yozdi. Nashrning xabar berishicha, ushbu reja Donald Tramp jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan va soʻnggi kunlarda Ukrainadagi siyosiy hamda diplomatik doiralarda faol muhokama qilingan.

Bundan oldin Tramp maslahatchilari Ukraina uchun tinchlik rejasining bir nechta variantlarini taklif qilgan edi. Ushbu variantlar orasida Ukraina NATOga a'zo boʻlishdan voz kechishi va ayrim hududlarini Rossiyaga topshirishi kerakligi haqidagi bandlar bor edi.

Bloomberg xabariga koʻra, AQShning ittifoqchilari 14-16 fevral kunlari Germaniyada boʻlib oʻtadigan Myunxen xavfsizlik konferentsiyasida Trampning Ukraina va Rossiya boʻyicha maxsus vakili Keyt Kellogg tomonidan ushbu rejaning taqdim etilishini kutgan edi. Biroq Kellogg bu ma'lumotlarni rad etdi. Unga koʻra, reja faqat Trampning oʻzi tomonidan taqdim etiladi, ammo bu yaqin haftada sodir boʻlmaydi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo