![Sadir Japarov: hozir odamlar ‘Ozodlik’ yangiliklariga muhtoj emas](/uploads/posts/2025-02/699c9059ba_mycollages-30.webp)
Amerikalik milliarder Ilon Mask “Ozodlik radiosi” va “Amerika ovozi”ni yopishga chaqirgandi. Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov buni qoʻllab-quvvatladi. Bu haqda “24.kg”ga tayanib Daryo xabar berdi.
Japarov turli AQSh fondlari “Ozodlik” va boshqa ommaviy axborot vositalarini moliyalashtirish uchun qancha mablagʻ ajratayotgani haqida gapirganini eslatdi.
“Agar pulni qayerga sarflashni bilmasangiz, toʻgʻridan toʻgʻri bizga, davlatga topshiring. Biz demokratiya va inson huquqlarini eng yuqori darajada ta'minlaymiz”, degandi oʻshanda Sadir Japarov AQSh Davlat departamenti rahbariyatiga murojaat qilib.
Qirgʻiziston rahbari AQSh prezidenti Donald Tramp USAID faoliyatini uch oyga toʻxtatganini, hozir esa Mask va boshqa amerikalik siyosatchilar “Ozodlik radiosi”ni yopishni talab qilayotganini tasodif deb hisoblamoqda.
"Donald Tramp va Ilon Mask mening tashabbuslarimga muhtoj emas. Ikkalasi ham milliarder. Ular pul osmondan tushmasligini juda yaxshi biladi. Ular amerikaliklarning pullarini behuda sarflashni toʻxtatmoqchi va mutlaqo toʻgʻri qilishadi. Hozir XXI asr. Har qanday ma'lumot besh daqiqada butun dunyoga tarqaladi. 20-30 yil oldin “Ozodlik”ni hamma kutgan, eshitgan, ishongan. Chunki u paytda internet yoʻq edi, smartfonlar yoʻq edi. Hozir odamlar “Ozodlik” yangiliklariga muhtoj emas. Hamma ma'lumotni internet orqali oladi", dedi Japarov.
Sadir Japarovning fikricha, xalq yangiliklarni tahlil qilishni oʻrgangan, hamma narsaga ham ishonmaydi. Odamlar qaysi xabarlar ishonchsiz ekanini tushunadi.
"Masalan, “Ozodlik” kimningdir obroʻsiga putur etkazuvchi notoʻgʻri ma'lumot tarqatsa, xalq tahlil qila boshlaydi. Bu notoʻgʻri ekani aniqlanganida, “Nega siz notoʻgʻri ma'lumot tarqatyapsiz?”, deb odamlar soʻraydi. Ular esa oʻsha xabarni saytidan oʻchirib tashlab, “Kechirasiz”, deydi. Agar ularni sudga bersangiz, butun dunyoga jar sola boshlaydi: “Bizda soʻz erkinligi oʻldi!” Bu normal holatmi? Haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan ma'lumotlarni tarqatish yoki yangiliklarni manipulyatsiya qilish soʻz erkinligimi? Har narsaga ruxsat berishni soʻz erkinligi yoki inson huquqlari bilan adashtirmaslik kerak", dedi Sadir Japarov.
Qirgʻiziston prezidenti shu sababli Tramp va Maskning qarorlari qoʻllab-quvvatlashga loyiq ekanini ta'kidladi.
Tramp va Maskning moliyalashtirishni toʻxtatish qarori
Milliarder Ilon Mask Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari hisoblanadi. Ushbu tuzilma ortiqcha me'yoriy hujjatlarni yoʻq qilish, amaldorlar va xarajatlarni qisqartirishga e'tibor qaratadi. Shundan kelib chiqib, milliarder “Ozodlik radiosi” va “Amerika ovozi” soliqchilar pulini sarf qilayotganini aytgan.
“Ha, ularni yoping. Evropa endi ozod (boʻgʻuvchi byurokratiyani hisobga olmaganda). Ularni endi hech kim tinglayotgani yoʻq. Bu shunchaki oʻzi bilan gaplashayotgan aqldan ozgan radikal soʻlchilar boʻlib, ular amerikaliklarning soliqlaridan yiliga 1 milliard dollarni sarf qilmoqda”, deb yozgan milliarder X sahifasida.
U avvalroq AQSh hukumati Politico, The New York Times (NYT) gazetalari va Associated Press (AP) agentliklarini moliyalashtirishni toʻxtatishini aytgandi. Bunga AP Davlat departamentidan 620 ming dollar, NYT Sogʻliqni saqlash vazirligi va ijtimoiy xizmatlardan “oʻnlab million dollar” olgani sabab qilib koʻrsatilgan.
“Politico gazetasi demokratlar haqidagi ijobiy maqolalari uchun USAIDdan 8 million dollar olgan, degan AQSh prezidenti.
Oq uy moliyalashtirish USAID orqali amalga oshirilganini ma'lum qilgan. Politico bunga javoban “hech qachon davlat dasturlari yoki subsidiyalarining benefitsiari boʻlmaganini” ta'kidlagan. Trampning qoʻshimcha qilishicha, “bu tarixdagi eng katta janjal boʻlishi mumkin” va demokratlar “bundan qochib qutula olmaydi”. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar