18:35 / 12.02.2025
90

Buyuk Britaniyada olti yoshli bola sayyorani qutqarish uchun 2,5 mingta plastik yigʻdi

Buyuk Britaniyada olti yoshli bola sayyorani qutqarish uchun 2,5 mingta plastik yigʻdi
Foto: BBC
Buyuk Britaniyaning Hempshir grafligidagi Netli qishlogʻida yashovchi olti yoshli Teddi 2,5 mingdan ortiq plastik idishlarni toʻpladi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Teddi odatda konfet, shokolad yoki krekerlar qadogʻi sifatida sotiladigan plastik idishlar qayta ishlashga topshirilmasligini bilgach, bunday qutilarni yigʻishga qaror qilgan. Buyuk Britaniyaning ba'zi hududlarida bunday imkoniyat bor, Hempshirda esa hozircha yoʻq.

“Biz bu qutilarni ikkilamchi xomashyo uchun oddiy konteynerga topshira olmaymiz, lekin men dunyoni qutqarish uchun vaziyatni oʻzgartirishga qaror qildim. Sayyoramiz yagona va biz unga gʻamxoʻrlik qilishimiz kerak”, — deb tushuntirdi bolakay.

Teddi qutilarni yigʻishni 2024 yilda boshlagan, yil oxiriga kelib 358 ta qutini toʻplagan. Yaxshiroq natijaga erishish uchun u maktabiga xat yozib, ishlatilgan qutilarni unga berishlarini soʻradi. Maktab rahbariyatiga bu gʻoya ma'qul keldi va ular xabarni boshqa oʻquvchilarning ota-onalariga yubordi.

Teddi onasi bilan birga mahalliy korxonalar binolariga e'lonlar osib chiqdi, bobosi esa chiqindixonaga borib, tashlab yuborilgan barcha konteynerlarni saqlab qoʻyishni iltimos qildi. Ba'zida Teddining oʻzi odamlarning uylaridagi plastiklarni yigʻadi yoki ularni chiqindi qutilaridan terib chiqadi.

Yaqinda bola ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida post yozib, oʻzini “eko jangchi” deb atadi va yuz minglab plastik idishlar chiqindixonaga yoki okeanga tashlanayotganini ta'kidladi. Shundan soʻng bolaning ishlari yanada yurishib ketdi: bir oy ichida u 2598 ta boʻsh qutini yigʻishga erishdi.

“Teddi muammolarimizni tushunadi va bu ma'lumotni odamlarga etkazishga hamda boshqalarni vaziyatni oʻzgartirishga undashga astoydil harakat qiladi”, — dedi uning onasi. Ayolning aytishicha, ularning ostonasida odamlar qoldirib ketayotgan idishlar soni tobora koʻpayib bormoqda.

Teddi yigʻilgan shirinlik qutilarini plastikni qayta ishlash markaziga topshirmoqchi. Shundan soʻng bolakay oʻzining ekologik faoliyatida tanaffus qilishni rejalashtirmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo