09:02 / 15.02.2025
468

Zelenskiy foydali qazilmalar boʻyicha AQSh bilan kelishuvni imzolashdan bosh tortdi

Zelenskiy foydali qazilmalar boʻyicha AQSh bilan kelishuvni imzolashdan bosh tortdi
Foto: AFP
Volodimir Zelenskiy Myunxenda AQSh bilan Ukrainadagi barcha foydali qazilmalar zaxirasining yarmini Qoʻshma Shtatlarga berishni nazarda tutuvchi kelishuvni imzolashdan bosh tortdi. Bu haqda The Washington Post jurnalisti Josh Rogin xavfsizlik boʻyicha Myunxen konferentsiyasida ishtirok etgan amerikalik kongressmenlarga tayanib xabar berdi.

«Myunxendagi bir nechta kongressmenning aytishicha, AQSh delegatsiyasi Zelenskiyga u imzolashini istashgan qogʻozni topshirishgan. Ushbu hujjat orqali AQSh Ukrainaning kelajakdagi barcha foydali qazilmalar zaxirasini 50 foiziga egalik qilishi koʻzda tutilgan. Zelenskiy xushmuomalalik bilan unga imzo chekishdan bosh tortdi», — deydi Rogin.

Reuters agentligi manbalarining ma'lum qilishicha, Zelenskiy Myunxenda amerikalik senatorlar guruhi bilan uchrashuv davomida AQSh tayyorlagan kelishuvdan xavotirda ekanini bildirgan. «[Zelenskiy] undan tanishib chiqishga imkoniyati boʻlmagan hujjatni asossiz imzolashni talab qilishayotganini his qildi», — deya ta'kidlaydi agentlik suhbatdoshlaridan biri.

Manbaga koʻra, Zelenskiy Ukraina mamlakat konstitutsiyasiga asoslangan oʻz taklifini tayyorlashini aytgan. Qayd etilishicha, Kiyev vakillari 14 fevral kuni foydali qazilmalar boʻyicha ikki tomonlama kelishuvga oid oʻz takliflarini AQShga topshirgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 14 fevral kuni Myunxenda AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda, shuningdek, davlat kotibi Marko Rubio va Trampning maxsus vakili Kit Kellog ham ishtirok etgan. «Jamoalarimiz hujjat ustida ishlashni davom ettiradi», — dedi Zelenskiy muzokaralardan keyin.

Donald Tramp bir necha bor Kiyevga koʻrsatilgan Amerika yordami evaziga Ukrainaning 500 milliard dollarlik noyob metallarini qoʻlga kiritishni istashini aytgan. Aftidan, gap titat, uran va litiy haqida ketmoqda. Trampning ta'kidlashicha, AQSh Rossiya va Ukraina oʻrtasida tinchlik kelishuvi muvaffaqiyatli tuzilishidan qat'i nazar, Ukraina tabiiy resurslaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak. Zelenskiy Ukraina koʻrsatilayotgan yordam evaziga gʻarbdagi sheriklari bilan foydali qazilmalarni birgaliklikda olishga ochiq ekanini ma'lum qilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo