date
views 4 436

AQShda «qoʻrqinchli tush»: salkam 10 ming amaldor ishdan boʻshatildi

AQShda «qoʻrqinchli tush»: salkam 10 ming amaldor ishdan boʻshatildi
Amerika Qoʻshma Shtatlarida bir hafta mobaynida 9500 dan ortiq amaldor ishdan ayrildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Qayd etilishicha, ishdan boʻshatishlar aniq miqyosi hali belgilab olinmagan, ammo shu haftada kamida 9500 dan ortiq xodim ishsiz qoldi. Ular oʻnga yaqin departament va agentliklarda ishlashgan.

Jumladan, energetika vazirligida 1200–2000 ga yaqin kishi (shu jumladan, yadro arsenaliga mas'ul boʻlgan boshqarma xodimlari) ishdan boʻshatildi. Ichki ishlar vazirligi 2300 ta xodimni, kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazlari esa qariyb 1300 xodimni yoʻqotdi. Qishloq xoʻjaligi vazirligida ishdan boʻshatilganlar soni hali aniq emas.

Shuningdek, qisqartirishlar kichik biznes va ta'lim ishlari departamentlariga ham ta'sir qildi.

Reuters ma'lumotiga koʻra, ishdan boʻshatishlar AQSh prezidenti Donald Tramp va Amerika hukumati samaradorligi departamenti rahbari Ilon Maskning byurokratiyani keskin qisqartirish kampaniyasi doirasida amalga oshirilmoqda.

23 yanvar kuni The New York Times gazetasi Tramp 50 mingdan ortiq davlat xizmatchisini ishdan boʻshatishi mumkinligini yozgan edi. Ushbu qaror federal ish kuchi tarkibida katta oʻzgarishlarga olib kelishi mumkin.

Keyinroq NBC News manbasiga koʻra, 60 mingdan ortiq amaldor kompensatsiya evaziga ixtiyoriy ravishda ishdan boʻshatilishiga rozi boʻlgan. Ularga sakkiz oylik maosh va imtiyozlarni sakkiz oy davomida saqlab qolish imkoniyati taklif etilgan.

Avvalroq, yuristlar Ilon Maskning Tramp ma'muriyatida ishlashi «qoʻrqinchli tush» boʻlishi mumkinligini ta'kidlagan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQShda «qoʻrqinchli tush»: salkam 10 ming amaldor ishdan boʻshatildi