
Foto: AP
Evropaning bir qator davlatlari Rossiya bilan kelajakdagi tinchlik bitimining bajarilishini ta'minlashga yordam berish maqsadida Ukrainaga qoʻshin yuborish rejasi ustida maxfiy tarzda ish olib bormoqda, deb yozadi Daryo nashri.
Associated Press (AP) ma'lumotlariga koʻra, yevropaliklar tegishli variantlarni taxminan bir yil oldin oʻrganishni boshlagan va bu harakatlar boshida Buyuk Britaniya hamda Fransiya turibdi.
"AQShning xavfsizlik ustuvorliklari boshqa sohalarga yoʻnaltirilganidan tobora koʻproq xavotirga tushayotgan Evropa mamlakatlari guruhi Ukrainaga qoʻshin yuborish rejasi ustida yashirin ravishda ishlamoqda", deya xabar berdi AP.
Agentlik, shuningdek, AQSh etakchisi Donald Tramp siyosati tufayli bu davlatlarda “shoshqaloqlik hissi” paydo boʻlganini ta'kidlagan. Aniqlanishicha, tafsilotlar hozircha kam, biroq kuchlarning tarkibi va vazifasi tinchlik bitimi shartlari bilan belgilanadi, shuningdek, qisqa fursatda katta miqdordagi kontingentni toʻplash “shubhasiz imkonsiz boʻladi”.
Estoniya Mudofaa vaziri Xanno Pevkurga koʻra, rejalar juda boshlangʻich bosqichda va yevropaliklar uchun chegara chizigʻi qanday boʻlishini tushunish nihoyatda muhim. Bir necha kun oldin ushbu Boltiqboʻyi davlatining tashqi ishlar vaziri Estoniya Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari boʻyicha muzokaralar jarayonida ishtirok etishi shartligini ham ta'kidlagan edi.
Yaqinda Telegraph gazetasi Britaniya hukumatidagi manbalariga tayanib, Buyuk Britaniya va Fransiya rahbarlari Ukrainaga “tinchlikparvar kuchlar”ni birgalikda yuborish masalasini maxfiy tarzda muhokama qilayotganini yozgan edi. Gazeta ma'lumotiga koʻra, bosh vazir Kir Starmer hali tashabbusga toʻliq rozi emas.
Ukrainaga harbiylar yuborish haqida bir yildan buyon gapirishda davom etayotgan prezident Emmanuel Makron esa bu gʻoyani ilgari surishda davom etmoqda.
Avvalroq Pentagon rahbari Pit Xegset Bryusselda Ukraina boʻyicha aloqa guruhi mudofaa vazirlari bilan “Ramshtayn” formatidagi uchrashuvda Amerika qoʻshinlari Kiyev xavfsizligining kafolati sifatida Ukraina hududiga joylashtirilmasligini aytgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, NATO homiyligisiz Evropa va Evropaga tegishli boʻlmagan qoʻshinlar ishtirokidagi missiya Ukraina xavfsizligi kafolatlarini ta'minlashi mumkin.
"Aniqlik kiritaman: Amerika qoʻshinlari hech qanday xavfsizlik kafolatlari doirasida Ukraina hududiga joylashtirilmaydi", dedi Xegset.
Uning soʻzlariga koʻra, barqaror tinchlikka “urush qayta boshlanmasligini kafolatlovchi ishonchli xavfsizlik kafolatlarini” taqdim etish orqali erishish mumkin. U Ukrainaning NATOga a'zo boʻlishi mojaroni diplomatik yoʻl bilan hal qilishning real natijasi boʻlmasligini ta'kidlab, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari “urushga layoqatli yevropalik yoki yevropalik boʻlmagan harbiylar” tomonidan mustahkamlanishi kerakligini aytdi.
"Agar bu qoʻshinlar Ukrainada biror vaqtda tinchlikparvar sifatida joylashtirilsa, ular NATOga a'zo boʻlmagan missiyaning bir qismi sifatida joylashtirilishi kerak va ularga Shimoliy Atlantika paktining 5-moddasi qoʻllanilmasligi lozim", dedi u alyansning oʻzaro mudofaa qoidasini nazarda tutib.
“Ramshtayn” formatidagi yigʻilishda soʻzga chiqqan siyosatchi, shuningdek, Ukrainani 2014 yilgacha mavjud boʻlgan chegaralarga qaytarish imkoniyatini noreal deb baholadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar