
Foto: Sky News
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyani NATO va Evropa uchun tahdid deb hisoblashdan bosh tortdi, deb yozmoqda Daryo nashri.
Fox News telekanali jurnalistlarining Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning “Rossiya shu yilning oʻzida NATO davlatlaridan biri – Polsha yoki Litvaga hujum qilishi mumkinligi” haqidagi soʻzlariga izoh berish iltimosiga quyidagicha javob berdi: "Men bunga qoʻshilmayman".
Trampning ta'kidlashicha, u bunga “mutlaqo” ishonmaydi.
"Yoʻq, menimcha, Putin urushni toʻxtamoqchi. Agar u davom ettirmoqchi boʻlsa, bu biz uchun katta muammo boʻlardi. U ham, Zelenskiy ham mojaroga chek qoʻymoqchi", deya oʻz javobini asosladi Tramp.
AQSh etakchisining ta'kidlashicha, “Obama davrida Rossiya Ukrainaning koʻplab hududlarini olishga muvaffaq boʻldi, endi esa Rossiya hammasini olishga harakat qilmoqda”.
"Bu juda yomon. Bu haqiqatan ham juda yomon. Koʻplab odamlar allaqachon vafot etgan, koʻplab shaharlar, ming yillik koʻrkam gumbazlar vayron boʻlgan", dedi Tramp Ukrainadagi urushni yakunlash boʻyicha rejalashtirilgan uchrashuv arafasida.
Zelenskiy: “Putin NATOga qarshi urush olib boradi”
Avvalroq Zelenskiy Rossiya joriy yildayoq Polsha yoki Litvaga hujumga tayyorgarlik koʻrishi mumkinligini aytdi.
"Biz Putin NATOga qarshi urush olib boradi, deb hisoblaymiz. Bu yozda – yozning boshida yoki oxirida boʻlishi mumkin. U buni qachon tayyorlaydi, bilmayman. Ammo bu sodir boʻladi", dedi Ukraina prezidenti.
U Ukraina razvedkasi ma'lumotlariga tayanib bergan bayonotida Rossiya Belarusda 150 ming nafar harbiy ishtirok etadigan yangi harbiy mashgʻulotlarga tayyorgarlik koʻrayotganini aytdi. Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga keng koʻlamli bostirib kirishi 2021 yildan beri davom etayotgan “bor-yoʻgʻi ramziy mashgʻulotlar” bilan boshlanganini eslatdi.
Evropa Ittifoqi kengashi raisi Antonio Koshta Financial Times gazetasiga bergan intervyusida Rossiya global miqyosda tahdid solayotganini aytdi.
Yangi xavfsizlik arxitekturasi boʻyicha muzokaralar Rossiya nafaqat Ukraina uchun, balki global tahdid ekanini hisobga olishi kerak, deya ta'kidladi u. Siyosatchi Kreml Evropa Ittifoqi va NATOga a'zo boʻlgan Boltiqboʻyi davlatlari, xususan, Estoniya, Latviya va Litvaga nisbatan “tajovuzkor pozitsiya”da ekanini qayd etdi.
AQSh va Rossiya oʻrtasida Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha muzokaralar Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtadi
18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxtida AQSh va Rossiya vakillarining Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha muzokaralari boʻlib oʻtadi. AQSh delegatsiyasi tarkibiga davlat kotibi Marko Rubio, Oq uyning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Mayk Uols va Trampning Yaqin Sharq boʻyicha maxsus vakili Stiv Uitkoff kiradi.
Kremlning ta'kidlashicha, Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov va Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov AQSh delegatsiyasi bilan muzokaralar oʻtkazish uchun Ar-Riyodga uchib ketmoqda.
"Uchrashuvda e'tibor birinchi navbatda “Rossiya-AQSh munosabatlarining butun majmuasini tiklash”, shuningdek, “Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish boʻyicha ehtimoliy muzokaralarni tayyorlash” va Putin va Trampning uchrashuvini tashkil etishga qaratiladi", dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
NBC: AQShning Rossiya va Ukraina bilan alohida, keyin esa qoʻshma muzokaralari
NBC telekanali AQSh delegatsiyasi Rossiya va Ukraina bilan dastlab alohida, keyin esa birgalikda muzokaralar oʻtkazishini ma'lum qildi.
Aynan shuning uchun Ukraina AQSh va Rossiya vakillarining Saudiya Arabistonidagi muzokaralariga taklif qilinmadi, dedi telekanalga ikki amerikalik amaldor.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar