08:22 / 18.02.2025
229

Argentina prezidenti Xaver Miley firibgarlikda ayblanmoqda

Argentina prezidenti Xaver Miley firibgarlikda ayblanmoqda
Foto: Pilar Olivares / Reuters
Argentinalik advokatlar Xonatan Baldiveso va Markos Selay mamlakat prezidenti Xaver Mileyni firibgarlikda ayblab, sudga berdi. Avvalroq, Miley ijtimoiy tarmoqlarda $LIBRA memkoinini reklama qilgan, dastlab uning narxi keskin koʻtarilib, keyin qulagan, oqibatda koʻplab odamlar iqtisodiy zarar koʻrgan edi. AP xabariga koʻra, Baldiveso Argentina prezidentining harakatlari «sodir etilgan jinoyatda muhim ahamiyatga ega boʻlganini» ta'kidlamoqda. Meduza mojaro tafsilotlarini keltirdi.

Memkoin (memecoin) nima? U asosiy qiymatga ega boʻlmagan kriptovalyuta, koʻngilxushlik va kursining oʻsishida pul ishlab qolish maqsadida yaratiladi. Koʻpincha, bunday kriptovalyutaning yaratuvchilari loyihani rivojlantirmoqchi emasligini oldindan e'lon qiladi, lekin foydalanuvchilar qisqa vaqt ichida yuzlab va minglab foiz foyda olish umidida bunday mem-tokenlarini sotib oladi.

Argentina prezidentining tvitidan soʻng, $LIBRA memkoini narxi yarim soat ichida 1300 foizga koʻtarildi, keyin pasayib ketdi

14 fevral kuni Xaver Miley X ijtimoiy tarmogʻida $LIBRA kriptovalyutasini reklama qiluvchi xabarni joylashtirdi. Mileyning ta'kidlashicha, «xususiy loyiha» «Argentinadagi kichik biznes va tadbirkorlarni moliyalashtirish orqali Argentina iqtisodiyotining oʻsishini ragʻbatlantirish» uchun moʻljallangan. «Dunyo Argentinaga sarmoya kiritmoqchi. $LIBRA», deyiladi postda. Tvitda Vivalalibertadproject veb-saytiga havola mavjud boʻlib, unda «Viva la libertad!» («Yashasin ozodlik!»), iborasi mavjud. Odatda Miley oʻz nutqlarini shu ibora bilan yakunlaydi.

Bir necha soat oʻtgach, Miley tvitni oʻchirib tashladi va shunday dedi: «Men loyiha tafsilotlarini bilmasdim va bilib olganimdan keyin uni targʻib qilishni davom ettirmaslikka qaror qildim». Shuningdek, Argentina prezidenti kriptovalyutani ishga tushirgan xususiy kompaniya bilan «aloqasi umuman yoʻqligini» ta'kidladi.

$LIBRA tokeni yuqori tranzaktsiya tezligi va past komissiya toʻlovlariga ega boʻlgan Solana blokcheynida ishga tushirildi va bu uni memkoin treyderlari orasida mashhur qildi. Ishga tushirish vaqtida kriptovalyutaning qiymati sezilarli darajada oshdi - yarim soat ichida 1300 foizga. Eng yuqori choʻqqisida kriptovalyutaning bozor qiymati 4,6 milliard dollarni tashkil etdi, ammo keyin narx keskin tushib ketdi, bu memkoinlar bilan tez-tez sodir boʻladigan hodisa. Investorlar millionlab zarar koʻrdi. Memkoinning kapitalizatsiyasi 95 million dollarga tushib qoldi.

Kriptovalyutaning ishga tushirilishi «global firibgarlik» deb ataldi. Argentina prezidenti ofisi tergov boshladi

Argentinalik iqtisodchilar va kriptovalyuta ekspertlari $LIBRA memkoinining ishga tushirilishini Rug Pull firibgarligi deb atadi — bunda token egalari uni ishga tushirib, investorlarni tezkor jalb qiladi, keyin esa loyihadan voz kechib, daromadni tezda naqdlashtiradi.

Raqamli xavfsizlik boʻyicha mutaxassis, moliyaviy piramidalarni fosh qilish bilan mashhur Xaver Smaldone $LIBRA memkoinining ishga tushirilishini «global firibgarlik» deb atadi. «Olingan foyda taxminan 107 million dollar ekanligi ma'lum boʻldi. Ehtimol bundan ham koʻproq», dedi u.

Argentina prezidenti ma'muriyati 15 fevral kuni Xaver Miley kriptovalyutani ishlab chiqishda ishtirok etmagani va chayqovchilikka yoʻl qoʻymaslik, loyiha taraqqiyotini cheklash uchun tvitni oʻchirib tashlaganini aytdi.

«Prezident oʻzining shaxsiy akkauntlarida har kuni boʻlganidek, Argentinada ish oʻrinlari yaratish va investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha loyihalarni yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan koʻplab tadbirkorlarni [ragʻbatlantirib] KIP Protocol loyihasining ishga tushirilishi haqidagi xabar bilan oʻrtoqlashdi», deyiladi prezident devoni xabarida.

Prezident ma'muriyatining ta'kidlashicha, Miley ushbu holatni tergov qilish va «mamlakat hukumati a'zolari, jumladan, prezidentning oʻzida ham qonunbuzarlik bor-yoʻqligini aniqlash uchun» korruptsiyaga qarshi kurash departamentini zudlik bilan jalb qilgan.

U, shuningdek, $LIBRA kriptovalyutasini ishga tushirish boʻyicha «shoshilinch tekshiruv» oʻtkazish va ishtirok etganlarning barchasini aniqlash uchun prezident devonida tergov guruhini yaratishni buyurgan. «Tergov davomida toʻplangan barcha ma'lumotlar KIP Protocol loyihasi bilan bogʻliq boʻlgan kompaniyalar yoki shaxslar tomonidan jinoyat sodir etilganligini aniqlash uchun adliya organlariga yuboriladi», deb ta'kidladi ma'muriyat. Shu bilan birga, Miley idorasi prezident va uning jamoasi a'zolari yaqinda Buenos-Ayresdagi prezident saroyida KIP Protocol vakillari bilan uchrashganini tan oldi.

Memkoin mualliflaridan biri Miley loyihadan hech narsa ishlab olmaganini da'vo qilmoqda

Kriptovalyuta qulashidan soʻng, memkoinning ishga tushirilishi uchun mas'ul boʻlgan amerikalik tadbirkor va Kelsier Ventures rahbari Hayden Mark Devis Mileyning maslahatchisi ekanini va «u va uning jamoasi bilan Argentinada juda katta tokenizatsiyalar va haqiqatan ham ajoyib narsalar ustida ishlayotganini» aytdi. Devis memkoin qiymatining pasayishida Xaver Mileyni aybladi. «Avvalgi majburiyatlarga qaramay, Miley va uning jamoasi toʻsatdan oʻz pozitsiyasini oʻzgartirib, qoʻllab-quvvatlashdan voz kechdi va ijtimoiy tarmoqlardagi barcha oldingi xabarlarni oʻchirdi», dedi Devis.

Prezident ofisi Devisning «Argentina hukumati bilan hech qanday aloqasi yoʻq va boʻlmaganini» aytdi. Shu bilan birga, Bloomberg xabariga koʻra, Miley yanvar oyida Devis bilan uchrashgan, chunki Kelsier Ventures rahbari $LIBRA uchun raqamli infratuzilmani yaratishda ishtirok etishi kerak edi. Miley loyiha haqida bir necha oy oldin bilgan. Ammo 15 fevral kuni Miley loyiha haqida hech narsa bilmasligini aytdi.

$LIBRA kriptovalyutasi ishga tushirilishi tufayli zarar koʻrganlar orasida investor va Barstool Sports kompaniyasi asoschisi Deyv Portnoy ham bor. U voqeani «tarixdagi eng katta firibgarlik» deb atadi, garchi u sarmoyasining bir qismini saqlab qolishga muvaffaq boʻlsa ham. Portnoyning aytishicha, Devis uni loyihani ishga tushirishda ishtirok etishga chaqirgan, shuningdek, Mileydan intervyu olishni taklif qilgan. Portnoy Mileyning tvitidan soʻng loyihaga sarmoya kiritgan. «Men uni xuddi ahmoq kabi sotib oldim. Miley tvit yozmaguncha, men hech narsa sotib olmagandim», dedi Portnoy.

Hayden Mark Devis $LIBRA memkoinining ishga tushirilishi Rug Pull firibgarligi ekanini rad etmoqda. «Men birinchi raqamli dushman boʻlishni xohlamayman. Men bundan pul ishlamadim. Hayotim xavf ostida», dedi u. Shuningdek, Devis, «Miley bundan hech qanday pul topmagan», dedi. Uning ta'kidlashicha, Argentina prezidenti yaqinda televizion intervyu beradi va $LIBRA memkoinini qoʻllab-quvvatlaydi, shundan soʻng uning narxi yana koʻtarilishi mumkin. Devis soʻzlariga koʻra, loyiha ishtirokchilari orasida tadbirkor Manuel Terrones Godoy ham bor, u avvalroq raqamli investitsiya boʻyicha firibgarlikda ayblangan.

Mileyning raqiblari impichmentni talab qilmoqda. Lekin, ehtimol, prezident hech qanday xavf ostida emas

Inqirozdan Xaver Mileyning siyosiy raqiblari foydalanishga urinmoqda. Avvalroq korruptsiyada ayblanib, 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Argentinaning sobiq prezidenti Kristina Kirshner Mileyni «kripto firibgar» deb atadi. Fuqarolik koalitsiyasi partiyasi rahbari Maksimiliano Ferraro parlamentni tekshiruv oʻtkazishga va aybdorlarni aniqlashga chaqirdi. Ayrim siyosatchilar Mileyga impichment e'lon qilish bilan tahdid etmoqda, ammo Bloomberg yozganidek, parlament bunday qaror uchun ovoz berishi dargumon.

Miley kriptovalyuta mojarosining jiddiy siyosiy oqibatlaridan omon qolishi mumkin, chunki Argentinada inflyatsiya pasayib, ish haqi oshdi va iqtisodiyot oʻsmoqda. Soʻrovlarga koʻra, prezidentning reytingi bir necha oydan beri 47 foizni tashkil etyapti, Argentinadagi boshqa siyosiy kuchlar esa undan mashhurroq emas.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo