
Foto: «Dunyo» agentligi
Kosta-Rika Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Pokiston va Hindiston kabi davlatlarning AQShdan deportatsiya qilingan 200 nafar fuqarosini qabul qilishga rozi boʻldi, deb xabar beradi «Dunyo» agentligi.
Reuters ma'lumotlariga koʻra, AQShdan kelgan muhojirlar Kosta-Rikada olti haftagacha ushlab turilishi va vataniga joʻnatilishi mumkin. Deportatsiya qilinganlar maxsus joyda saqlanadi va ular ushbu hududni tark eta olmaydi.
AQShdan uchgan va asosan Osiyo mamlakatlaridan boʻlgan 135 nafar noqonuniy muhojirni olib ketayotgan birinchi deportatsiya samolyoti 20 fevral kuni Kosta-Rikaga qoʻnishi kutilmoqda. Ushbu muhojirlarning 65 nafarini voyaga etmaganlar tashkil qiladi.
Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Ahror Burxonov Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxona uzoq yillardan buyon oʻzbekistonliklarning oʻz vataniga xavfsiz deportatsiyasini ta'minlash maqsadida AQShning tegishli huquq-tartibot idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotganini ta'kidladi.
«Bizning kelishuvlarimizga asosan, Amerika tomoni deportatsiya qilinadigan fuqarolarimizning har bir holati haqida tezkorlik bilan xabardor qiladi. Oʻrnatilgan amaliyotga koʻra, fuqarolarimiz vatanga Nyu—York-Toshkent yoʻnalishi orqali qaytadi.
OAVda Oʻzbekiston fuqarolarining boshqa davlatlarga deportatsiya qilinishi mumkinligi haqidagi ma'lumotlarni kuzatib boryapmiz. Ushbu masala yuzasidan diplomatik vakolatxonalarimiz Amerika tomonidan boshqa davlatlarga deportatsiya qilinishi mumkinligi haqida ma'lumot berishni soʻrab murojaat qildi. Bundan tashqari, bu borada Lotin Amerikasi davlatlari bilan diplomatik kanallar orqali ham aloqalar oʻrnatilgan.
Diplomatik vakolatxonalarimiz Oʻzbekistonning barcha fuqarolariga, ular qayerda boʻlishidan qat'iy nazar, har tomonlama yordam koʻrsatadi», — deydi TIV vakili.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar