
Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Xoll»da sodir etilgan terakt ishi boʻyicha ayblanuvchilarning uch nafari Dogʻistonning Kaspiysk shahrida yana bir hujumni rejalashtirgan, deb yozdi Kun.uz «TASS»ga tayanib.
Qayd qilinishicha, gap terakt ijrochilarini qurol bilan ta'minlashda ayblanayotgan uch nafar shaxs haqida ketmoqda.

Foto: Sergey Bulkin/ TASS
«2023 yil noyabridan 2024 yil 16 martigacha boʻlgan davrda [ayblanuvchilar] kamida ikkita Kalashnikov avtomati, Makarov toʻpponchasi va ular uchun oʻq-dorilarni noqonuniy sotib olgan, olib oʻtgan va saqlagan», deyiladi hujjatlarda. Ular kontsert zalidagi voqealardan soʻng (2024 yil 24-27 mart) qoʻlbola portlovchi modda yasagan va Kaspiysk shahri qirgʻogʻida terakt uyushtirishni rejalashtirgan.
TASS xabariga koʻra, bu uch nafar ayblanuvchi 31 mart kuni Dogʻistonning turli viloyatlarida oʻtkazilgan maxsus operatsiya davomida qoʻlga olingan. Hozir ular Moskvada hibsda saqlanmoqda.
«Krokus»dagi terakt ishida jami 27 nafar ayblanuvchi bor, dedi Rossiya Tergov qoʻmitasi rahbari Aleksandr Bastrikin. Tergov fevral oyi boshida yakunlandi.
2024 yil 22 mart kuni toʻrt nafar qurollangan shaxs kontsert zaliga bostirib kirib, tomoshabinlarga qarata oʻq uzdi va binoga oʻt qoʻydi. 140 nafardan ortiq kishi halok boʻldi, 550 nafardan ortigʻi jarohat oldi. «Krokus» binosi butunlay yonib ketdi. Tergov ma'lumotlariga koʻra, teraktni sodir etganlar Tojikistonning toʻrt fuqarosi: Muhammadsobir Fayzov, Dalerjon Mirzoyev, Saidakrom Rajabalizoda va Shamsidin Fariduni.
«Krokus»dagi terakt boʻyicha sud jarayoni mart oyi oxirida boshlanishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar