
Foto: Reuters
Germaniyada parlament (bundestag) saylovlari boʻlib oʻtdi. Ekzit-pol XDI/XSI konservativ bloki gʻalabasini koʻrsatmoqda. Ushbu blokdan nomzod Fridrix Mers qisqa muddatda hukumatni shakllantirishni talab qildi.
Xristian-demokratik ittifoq (XDI) va Xristian-sotsial ittifoq (XSI) konservativ blokidan Germaniya kanslerligiga nomzod Fridrix Mers qisqa muddatda hukumatni shakllantirishni talab qildi. Bu boradagi bayonotni u 23 fevral kuni bundestag saylovlarining dastlabki norasmiy natijalari e'lon qilganidan keyin bildirdi.
Ekzit-polga koʻra, XDI/XSI saylovchilarning 29 foiz ovozini toʻplagan. «Germaniya uchun muqobil» ultraoʻng partiyasi 19,6 foiz koʻrsatkich bilan ikkinchi oʻrinni egallagan. Germaniya sotsial-demokratlar partiyasi — 16 foiz, «Ittifoq-90»/«Yashillar» esa 13,3 foiz ovoz toʻplagan. Soʻllar partiyasida esa ushbu koʻrsatkich 8,6 foizni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga, Germaniyaning amaldagi kansleri Olaf Shols saylovlardagi magʻlubiyatini tan oldi. «Bu —Sotsial-demokratlar partiyasi uchun saylovning achchiq natijasi. Saylov natijalari uchun men ham mas'ulman», — dedi Shols. U Mers va XDI/XSIni parlament saylovlaridagi gʻalaba bilan tabrikladi. «Biz demokratik mamlakatda yashayapmiz», — deydi Shols raqibining gʻalabasiga shama qilib. Shu bilan birga, u Germaniyada qariyb 20 foiz saylovchi ultraoʻng «Germaniya uchun muqobil» partiyasiga ovoz berganini qabul qilib boʻlmasligini ta'kidladi.
23 fevral kuni Germaniyada muddatidan oldin parlament saylovlari boʻlib oʻtdi. Mamlakatda 59,2 million saylovchi bor, ularning 24,9 millioni (42 foiz) — 60 yoshdan kattalar. Saylovchilarning 2,3 millionga yaqini esa (3,9 foiz) 18 yoshga toʻlgan va federal saylovlarda ilk bor ovoz berayotgan yoshlardir.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yilning dekabr oxirlarida Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer mamlakat parlamentini (bundestag) tarqatib yuborib, 2025 yil 23 fevral kuni muddatidan oldin parlament saylovlari oʻtkazilishini belgilagandi. «Hozirgidek murakkab davrda barqarorlikni ta'minlash uchun salohiyatli hukumat va parlamentda ishonchli koʻpchilik talab etiladi», — degandi u. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar