21:47 / 24.02.2025
320

Zelenskiy Trampga yana «yoʻq» dedi: «Ukrainaning oʻn avlodi toʻlaydigan kelishuvni imzolamayman»

Zelenskiy Trampga yana «yoʻq» dedi: «Ukrainaning oʻn avlodi toʻlaydigan kelishuvni imzolamayman»
Bugun yana Donald Tramp Ukraina prezidenti Zelenskiy imzolashini talab qilayotgan mineral resurslar boʻyicha kelishuv haqida gaplashamiz. Tramp Bayden ma'muriyati Ukrainaga yuborgan qurol-yarogʻ evaziga mamlakatdagi nodir metallar savdosidan tushayotgan foydaning yarmini yillar davomida AQShga berishini talab qilmoqda. Zelenskiy esa bu Ukrainani sotish ekanini aytib, kelishuv imzolashdan bosh tortgan. Ushbu kelishuv atrofida yangi xabarlar paydo boʻldi, deb xabar qilmoqda Kun.uz nashri.

«Zelenskiy amerikalik vazirga baqirgan»

Iqtisodiy xabarlar tarqatuvchi eng ishonchli manbalardan boʻlmish Financial Times nashrining yozishicha, Zelenskiy Trampning Ukrainadagi minerallar ustidan nazorat oʻrnatish istagini etkazgan AQSh moliya vaziri Skott Bessentga baqirib javob bergan. Nashr manbalari yopiq formatda oʻtgan uchrashuv xonasidan baqiriq ovozlarini eshitgan.

Manbalarning aytishicha, Amerika moliya vaziri Skott Bessent prezident Zelenskiy Tramp soʻrayotgan kelishuvni tezda imzolashi kerakligi haqida aftidan buyruq ohangida gapirgach, Zelenskiy unga baqirgan. Amerikalik vazir uchrashuv vaqtida Vashington yillar davomida Ukrainadagi nodir metallar savdosidan tushadigan pulning yarmini olishni istashi, shuningdek, mamlakatdagi gaz, neft zaxiralari, savdo portlarini nazorat qilishini tushuntirgan. Zelenskiy esa Ukrainaning bir nechta avlodi toʻlashga majbur boʻladigan kelishuvni imzolamasligini aytgan.

Jurnalistlarning qayd etishicha, amerikalik vazirning Zelenskiy bilan birga oʻtkazilgan matbuot anjumani vaqtida chindan qattiq hayajonlangan va qoʻli qaltiragan. Zelenskiy vazir Skott bilan uchrashuv haqida gapirarkan Tramp taklif qilgan kelishuvni Myunxenda vitse-prezident Vens bilan muhokama qilishini bildirgan.

Avvalroq Tramp Zelenskiy AQSh moliya vaziri bilan uchrashuv vaqtida unga qoʻpollik qilganini aytgandi.

«Kelishuv shu hafta imzolanadi»

OAVda Zelenskiy amerikaliklarning navbatdagi taklifini rad etib, mineral resurslar boʻyicha kelishuv imzolashdan bosh tortgani haqida xabar tarqaldi. Zelenskiyning oxirgi chiqishlari bu ma'lumotni tasdiqlaydi. Biroq Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff tomonlar kelishuvni ushbu haftada imzolashini aytdi: «Menimcha, kelishuv shu hafta imzolanadi. Prezident Tramp Zelenskiyga signal yubordi, u ortiq ikkilana olmaydi», dedi Uitkoff.

Trampning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Mayk Uolts ham Kiyev va Vashington kelishuvga yaqinligi, u tez orada imzolanishini aytgan.

Biroq Volodimir Zelenskiy 23 fevral kuni Kiyevda oʻtkazilgan katta matbuot anjumanida bu gaplarni rad etuvchi chiqish qildi. Uning aytishicha, Tramp aytayotgan kelishuv Ukraina olgan har bir dollarini ikki dollar qilib qaytarishi degani. «Men ukrainlarning oʻn avlodi toʻlashga majbur boʻladigan kelishuvni imzolamayman», dedi Zelenskiy.

Ma'lum boʻlishicha, Zelenskiy bu kelishuvni imzolamasligiga unda faqat Ukrainaning majburiyatlari koʻrsatilgani sabab. Zelenskiy AQShdan xavfsizlik kafolati va «biroz insofli shartlarda» kelishuv soʻramoqda. Shuningdek, Ukraina prezidenti kelishuvni faqat Donald Tramp bilan yakkama-yakka uchrashuv vaqtida, AQSh prezidenti Putin bilan koʻrishishidan avval imzolamoqchi.

Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo