
Foto: Getty images
Olimlar 1-toifa diabet kasalligini davolashda katta yutuqlarga erishdi. Ular insulin ishlab chiqaruvchi hujayralarni qon tomirlarini shakllantiruvchi hujayralar bilan birga ko‘chirib o‘tkazishning yangi usulini topdi. Bunday yondashuv laboratoriya sichqonlarida kasallik rivojlanishini muvaffaqiyatli to‘xtatgan. Shu tariqa odamlarda ham 1-tur diabetni davolash usullarini ishlab chiqish imkoniyati paydo bo‘ldi.
1-tur diabet qanday paydo bo‘ladi?
Organizmdagi immunitet tizimi oshqozon osti bezining orolchali hujayralariga hujum qilishni boshlaganda 1-turdagi qandli diabet yuzaga keladi. Bu hujayralar insulin gormonini ishlab chiqarish uchun mas’ul bo‘lib, insulin qondagi glyukozaning hujayralarga o‘tishini ta’minlaydi. Kasallik oqibatida oshqozon osti bezi insulin ishlab chiqarishni to‘xtatadi, organizmga tushgan shakarni qayta ishlash qobiliyati yo‘qoladi va odam yashashda davom etishi uchun unga tashqaridan doim in’eksiya shaklida insulin yuborishga to‘g‘ri keladi.
Olimlar ko‘p yillardan beri bu kasallikni davolash yo‘lini izlayapti. Orolchali hujayralarni transplantatsiya qilish sohasida allaqachon ma’lum muvaffaqiyatlarga erishilgan, ammo ularni shunchaki ko‘chirib o‘tkazish yetarli emas — ular omon qolishi va ishlashi uchun qulay muhit kerak. Gap shundaki, me’da osti bezi orolchalarini qalin qon tomirlar to‘ri o‘rab turadi va bu to‘rni sun’iy ravishda qayta tiklash nihoyatda qiyin.
Yangi usul qanday ishlaydi?
Ueyl Kornell tibbiyot kolleji mutaxassislari ushbu muammoning g‘ayrioddiy yechimini taklif etdi: ular orolchali hujayralar bilan birga qon tomir hosil qiladigan maxsus rekombinant R-VECs hujayralarini ko‘chirib o‘tkazishga qaror qildi. R-VECS laboratoriyada oddiy tomir hujayralaridan yaratiladi. Tajribada R-VECs to‘liq qon tomir tarmog‘ini hosil qildi, bu tarmoq esa ko‘chirib o‘tkazilgan orolchalarning hayot faoliyatini to‘liq ta’minlay oldi.
Tadqiqotchilar diabet bilan kasallangan bir guruh sichqonlarga orolchali hujayralar va R-VECs hujayralarni birga ko‘chirib o‘tkazdi. Natijalar hayratlanarli bo‘ldi: ko‘chirib o‘tkazilgan hujayralar insulin ishlab chiqarishni boshlab, murakkab qon tomir tarmog‘ini hosil qildi. Buning natijasida hayvonlarning qonidagi glyukoza darajasi me’yorlashdi va 20 haftadan ortiq vaqt davomida barqaror holda qoldi. Tajribada boshqa guruh sichqonlariga R-VECs'siz faqat orolchali hujayralar ko‘chirilgan. Natijada, ularda insulin darajasi sezilarli darajada past bo‘lgan.
Tadqiqot hammuallifi, professor Devid Redmondning ta’kidlashicha, R-VECs yordamida ko‘chirib o‘tkazilgan orolchali hujayralar yangi muhitga muvaffaqiyatli moslashgan.
Usulning xavfsizligi va samaradorligi klinik sinovlar oldidan o‘tkaziladigan tadqiqotlar davomida tekshiriladi. Agar ushbu tadqiqotlar muvaffaqiyatli yakunlansa, keyingi bosqichda odamlarda klinik sinovlar o‘tkaziladi. Bunday texnologiya yaqin kelajakda, ya’ni bir necha yil ichida, 1-tur qandli diabetni davolashning yangi usulini yaratishga asos bo‘lishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar