00:30 / 03.03.2025
1 139

Huquq himoyachisi: “Tramp erkinlik uchun kurashayotgan xalqni emas, qotil diktatorni yoqlamoqda”

Huquq himoyachisi: “Tramp erkinlik uchun kurashayotgan xalqni emas, qotil diktatorni yoqlamoqda”
Kollaj: Substack
Ukrainada bo‘lib turgan belgiyalik huquq himoyachisi Peter Bourkaret prezident Vladimir Zelenskiy va amerikalik hamkasbi Donald Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bahsga o‘z munosabatini bildirdi. U muzokaralardagi ayrim yolg‘onlarga to‘xtaldi. Shuningdek, Tramp va vitse-prezident Vensni Ukrainaga taklif qildi, ammo bunga jur’at etmasliklarini aytdi.

Zelenskiy nega harbiy forma kiyadi?

Siyosatchilarning 28 fevral kungi Oval kabinetdagi uchrashuvida jurnalistlardan biri Ukraina prezidentidan nega kostyum kiymaganini so‘ragandi. Bir qarashda oldindan tayyorlanganga o‘xshagan mazkur sahna ko‘pchilik e’tiborini tortdi.

"Kostyumni urush tugaganidan keyin kiyaman. Balki, siznikiga o‘xshash kostyum olarman. Balki, undan zo‘rrog‘ini! Yoki arzonroq nimadir olarman", deya javob berdi Zelenskiy.

E’tiborli jihati shundaki, Oq uyda faoliyat olib borayotgan, Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Maskning o‘zi ham rasmiy kiyinish uslubiga rioya qilmaydi.

"Zelenskiy 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri barcha xalqaro uchrashuvlarda harbiy formada qatnashadi. Bu – Ukraina uchun jonini fido qilayotgan askarlarga hamdardlik ifodasi va mamlakat urush holatida ekanini ko‘rsatish uchun qilinadigan ramziy harakat.

Lekin ajablanarlisi, hech kim Oq uyda bir necha bor futbolka va kepkada yurgan, hatto bosh kiyimini ham yechmagan Ilon Maskka e’tiroz bildirmadi. Aslida esa rahbariyat oldida bosh kiyimni yechish odob sanaladi. Shunday ekan, Zelenskiyga qanday kiyinishni o‘rgatmang", dedi belgiyalik huquq himoyachisi.

Ukraina prezidenti diktator emas

Peter so‘nggi haftalarda urushga yuborilgan Ukraina askarlari bilan suhbatlashganini aytib, bu borada quyidagilarni ma’lum qildi.

"Zelenskiy diktator emas, shuningdek, u o‘z xalqini safarbar qila olmaydigan rahbar ham emas. So‘nggi haftalarda men frontga yo‘l olayotgan askarlar bilan ko‘p vaqt o‘tkazdim, ular bilan suhbatlashdim. Ularning hech biri xizmatdan bosh tortishga urinmadi, aksincha, qat’iyat va jasorat bilan jangga kirishmoqda. Ularga ta’zim bajo keltiraman va chuqur hurmat bildiraman", dedi huquq himoyachisi.

Avvalroq prezident Tramp ukrainalik hamkasbini “saylovsiz diktator” deb atagandi. Keyinchalik bunday deganiga “ishona olmasligi”ni aytgandi.

AQSH Ukrainaga minnatdorlik bildirishi kerak

Muzokaralarda Tramp bir necha bor Zelenskiydan minnatdorlik bildirishni talab qilgan edi. Huquq himoyachisi aslida Tramp va AQSH Zelenskiyga minnatdorlik bildirishi kerakligiga to‘xtaldi. U bunga ikkita sabab keltirdi.

"Birinchidan, Ukraina Sovet Ittifoqi parchalangandan keyin dunyodagi uchinchi yirik yadro arsenalidan voz kechdi. Bu Budapesht memorandumiga ko‘ra AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Rossiya tomonidan kafolatlangan edi. Ukraina trillionlab dollarlik yadro qurolidan voz kechib, hududiy daxlsizlik kafolatini oldi, lekin Rossiya bu va’dani buzdi. AQSH va boshqa G‘arb davlatlari esa Ukrainani himoya qilish majburiyatini olgan edi", dedi Peter Bourkaret.

Uning ta’kidlashicha, agar Ukraina yadroviy qurollarini saqlab qolganida, Rossiya unga hech qachon hujum qilmagan bo‘lardi. G‘arb, Ukrainaning yadrosizlanishi evaziga uni himoya qilishga va’da bergan. Shuning uchun Ukraina o‘z va’dalarini bajargani uchun AQSHga minnatdorlik bildirishi shart emas.

"Ikkinchidan, Ukraina nafaqat o‘z hududini, balki butun Yevropa kelajagini himoya qilmoqda. So‘nggi haftalarda Rossiya bosib olgan hududlardan odamlar bilan suhbatlashdim. Ular haqiqiy stalincha repressiya ostida yashamoqda. Putin aynan shunday tuzumni butun Yevropaga yoymoqchi. Uni to‘xtatish uchun Ukraina front chizig‘i bo‘lib turibdi", deya ta’kidladi Peter.

Foto: Peter Boukaret
U 25 yil oldin Chechenistonda bo‘lgani, Rossiya qilgan “vahshiyliklarni hujjatlashtirgani”ni aytdi. O‘sha paytda u qotillikka uchragan Anna Politkovskaya, Natalya Estemirova va 2024 yil fevral oyida “Rossiya armiyasini obro‘sizlantirish” aybi bilan qamalgan, keyinchalik asirlar almashinuvi natijasida ozod etilgan “Memorial” tashkiloti faoli Oleg Orlov bilan bir mehmonxonada bo‘lgan.

Ta’kidlashicha, 1999-2000 yillardagi farq shunda ediki, o‘sha paytda garchi FSB (hozirgi KGB) doim kuzatgan bo‘lsa ham Rossiyada ishlash imkoni bo‘lgan.

"FSB xodimlari Ingushetiyadagi ACCA mehmonxonasida biz bilan birga qolardi. Bir kuni tun bo‘yi xonamda kimdir bo‘lganini sezdim — polga tashlab ketilgan bir necha sigaret qoldiqlari orqali ular meni kuzatayotganini bildirishgan edi. Shunga qaramay, biz Moskvaga bora olar, Human Rights Watch (HRW) tashkilotining Moskvadagi ofisida ishlashimiz mumkin edi, xavf-xatarga qaramay, faoliyat yuritardik", deb eslaydi Peter.

U 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri (va ancha avval ham) Rossiyada fuqarolik jamiyatining qolgan-qutgan imkoniyatlari ham butunlay yo‘q qilinganini aytdi. U Rossiyada mustaqil jurnalistlar yoki inson huquqlari tashkilotlari qolmaganini bildirdi. “HRW” ofisi ham allaqachon yopilgan edi.

"Anna, Natalya, Nemsov va yana ko‘plab boshqa jasur insonlar Putin tomonidan shafqatsizlarcha yo‘q qilindi. Biroq Tramp erkinlik uchun kurashayotgan ukrain xalqini qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, qotil diktator Putinni tanqid qilishdan o‘zini tiyib, buning o‘rniga ozodlik uchun kurashayotgan Zelenskiyni tahqirlashga urinmoqda. Biroq Zelenskiy tahqirlangan emas, u mag‘rur va kuchli turibdi, chunki hurmat qilmaydigan odamlar tomonidan tahqirlanib bo‘lmaydi.

Uyat senga, ikki marta impichment qilingan va jinoyatda aybli deb topilgan apelsinrang! Sen va sening respublikachi malay-maqtovchilaring bizning hurmatimizga loyiq emassizlar — men hatto “respublikachilar” so‘zini bosh harf bilan yozmayman, chunki ular bu e’tiborga loyiq emaslar. Uyat sizlarga, Amerika qadriyatlariga xiyonat qiluvchilarga!", deya qayd etdi Peter Bourkaret.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo