
Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan Istanbul shahridagi «Xirqai sharif» jome’ masjidi ziyoratchilar uchun o‘z eshiklarini ochdi. Bu yerga tashrif buyuruvchilar Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning muborak xirqalarini ziyorat qilish imkoniyatiga ega.
Tantanali ochilish marosimi
Ko‘rgazma ochilishida Istanbul shahar hokimi, muftiy, shuningdek, Payg‘ambarimiz alayhissalomning xirqalarini asrab-avaylab kelayotgan Uvays Qaraniy sulolasi vakillari qatnashdi. Ko‘rgazma Anadolu axborot agentligi tomonidan keng yoritildi.

Masjid yonida xirqai sharifni ziyorat qilish istagida bo‘lgan ziyoratchilarning uzun navbati hosil bo‘lgani kuzatilmoqda. Nogironlar, keksalar, homilador ayollar va bemorlar uchun maxsus sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ular navbatsiz kiritiladi.
Ko‘rgazma ish vaqtini bilib oling
Ziyoratchilar Ramazon oyi davomida xirqani quyidagi vaqtlarda tomosha qilishlari mumkin:
- Dushanba—juma: 10:00–17:00
- Shanba va yakshanba (dam olish kunlari): 09:00–17:30
Xirqai sharif tarixi
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom umrlarining oxirida o‘z muborak xirqalarini hazrati Umar va hazrati Ali roziyallohu anhuga topshirib, uni Uvays Qaraniy rahmatullohi alayhiga yetkazishni vasiyat qilganlar. Uvays Qaraniy vafotidan so‘ng bu muqaddas omonat uning avlodlari tomonidan asrab-avaylangan.

XVII asrda Usmoniy sultoni Ahmad I iltimosi bilan Qaraniy sulolasi vakillari Istanbulga ko‘chib kelgan. 1847 yili sulton Abdulmajid ko‘rsatmasi bilan «Xirqai sharif» masjidi qurilib, bu muqaddas yodgorlik shu yerda saqlana boshladi. Hozirda xirqa Qaraniy sulolasining 59-avlodi muhofazasida.
To‘pqopi saroyidagi «Xirqai saodat»
Istanbuldagi To‘pqopi saroyida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga tegishli yana bir chakmon – «Xirqai saodat» ham saqlanadi. Bu muborak libos Payg‘ambarimiz tomonidan mashhur shoir Ka’bga tuhfa qilingan. Sulton Salim 1517 yili Misrni zabt etganida, ushbu xirqani ham Istanbulga olib kelgan.
Istanbuldagi «Xirqai sharif» ko‘rgazmasi musulmonlar uchun muhim ma’naviy voqealardan biri hisoblanadi. Har yili minglab ziyoratchilar Ramazon oyida ushbu muqaddas yodgorlikni ziyorat qilish uchun tashrif buyuradilar. Hozirda ham masjid atrofida ziyoratchilarning uzun navbatlari hosil bo‘lgan bo‘lib, bu muqaddas merosga bo‘lgan chuqur hurmatni ko‘rsatadi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar