22:01 / 10.03.2025
129

Ukraina dunyoning eng yirik qurol importchisiga aylandi, Rossiya eksporti keskin kamaydi

Ukraina dunyoning eng yirik qurol importchisiga aylandi, Rossiya eksporti keskin kamaydi
Ukraina 2020-2024 yillarda dunyoning eng yirik qurol importchisiga aylandi. Bu davr mobaynida mamlakatning qurol-yarog‘ xaridlari 2015-2019 yillarga nisbatan deyarli 100 barobar oshdi. Bu haqda Stokgolm Xalqaro Tinchlik Tadqiqot Instituti (SIPRI) hisobotida ma’lum qilindi.

AQSH Ukrainaga asosiy qurol yetkazib beruvchi davlatga aylandi

Hisobotda ta’kidlanishicha, AQSH Ukrainaga yetkazib berilgan qurollarning 45% ini ta’minlagan. Germaniya (12%) va Polsha (11%) esa ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan. 2022 yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng kamida 35 davlat Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatgan.

Bundan tashqari, NATO davlatlariga qurol yetkazib berish hajmi ham keskin oshgan. 2020-2024 yillarda alyans a’zolarining qurol importi avvalgi besh yillik davrga nisbatan 105% ga oshdi. AQSH qurol eksportining eng katta qismi Yevropaga (35%) yo‘naltirildi, Yaqin Sharq esa 33% ulush bilan ikkinchi o‘ringa tushib qoldi. Amerika harbiy sanoat korxonalarining eng yirik mijozi Saudiya Arabistoni bo‘lib, mamlakat Amerika qurol-yarog‘i eksportining 12% ini tashkil etdi.

Rossiya qurol eksporti 64% ga kamaydi

SIPRI ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qurol savdosida jiddiy muammolarga duch kelmoqda. 2020-2024 yillarda Moskva qurol eksport hajmini 64% ga qisqartirgan. Bu holat allaqachon 2020-2021 yillarda boshlangan edi, 2022 yildagi sanksiyalar esa Rossiyaning qurol bozoridagi mavqeini yanada zaiflashtirdi.

Rossiya qurol eksportining eng yirik mijozlari Hindiston va Xitoy rus qurollariga bog‘liqligini kamaytirishga intilmoqda. Hindiston Fransiya va AQSH kabi davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda, Xitoy esa o‘z ichki qurol-aslaha sanoatini rivojlantirishga e’tibor qaratayotgani sababli Rossiyaga bo‘lgan ehtiyojini kamaytirmoqda. Shu bois Moskva Afrikaning kambag‘al davlatlariga chegirmalar taklif qilish orqali o‘z ta’sir doirasini saqlab qolishga harakat qilmoqda.

Fransiya dunyoning ikkinchi yirik qurol eksportchisiga aylandi

Dunyodagi ikkinchi yirik qurol eksportchisi sifatida Fransiya tan olingan bo‘lib, u jahon bozoridagi ulushining 9,6% ini egalladi. Keyingi o‘rinlarni Rossiya (7,8%), Germaniya (5,6%), Xitoy (5,9%) va Italiya (4,8%) egalladi.

SIPRI hisobotiga ko‘ra, AQSH bu davrda dunyo bo‘ylab 107 ta davlatga qurol yetkazib bergan. Amerika eksporti 21% ga oshib, jahon bozoridagi ulushi 35% dan 43% ga yetdi. Bu esa uni qurol savdosida mutlaq yetakchiga aylantirdi.

Shu bilan birga, Rossiya 2020-2024 yillarda atigi 33 davlatga qurol sotgan. Rossiya eksportining uchdan ikki qismi Hindiston (38%), Xitoy (17%) va Qozog‘iston (11%) ga yo‘naltirilgan. Bir zamonlar dunyo qurol bozorining eng yirik o‘yinchilaridan biri bo‘lgan Moskva bugungi kunda sanoat imkoniyatlarini tiklash uchun jiddiy muammolarga duch kelmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo