
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy fevral oxirida Oval kabinetda yuz bergan tortishuv uchun AQSH prezidenti Donald Trampdan kechirim so‘radi. Bu haqda AQSH prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stif Uitkoff ma’lum qildi.
Fox News telekanalida chiqish qilgan Uitkoffning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy Oq uyda yuz bergan mojaro uchun rasmiy ravishda kechirim so‘rab, Trampga maktub yo‘llagan.
"Zelenskiy prezidentga maktub yo‘lladi. U Oval kabinetda yuz bergan mojaro uchun kechirim so‘radi. O‘ylaymanki, bu muhim qadam bo‘ldi va bizning jamoalarimiz, shuningdek, ushbu voqeaga aloqador ukrainaliklar va yevropaliklar o‘rtasida ko‘plab munozaralar bo‘lib o‘tdi", — dedi Uitkoff.
Biroq Zelenskiyning aynan qanday "kechirim so‘rashi" nazarda tutilgani va u Trampga qanday maktub yo‘llagani borasida haligacha aniqlik yo‘q.
Zelenskiy Oq uydagi uchrashuv haqida afsusda ekanini bildirgan
4 mart kuni Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida uchrashuvdan keyingi taassurotlari haqida yozib, Oq uydagi uchrashuv kutilaganidek o‘tmaganini tan olgan.
"Bunday bo‘lganidan afsusdaman. Barchasini to‘g‘irlash vaqti keldi. Kelgusi hamkorlik va muloqot konstruktiv bo‘lishini istaymiz", — deyiladi Ukraina yetakchisining postida.
Tramp esa kongress qarshisida qilgan chiqishida Zelenskiydan muhim maktub olganini ma’lum qildi va "xabar uchun minnatdor ekanini" ta’kidladi.
Shu bilan birga, Ukrainaning AQSHdagi elchisi Oksana Markarova Zelenskiy tomonidan Trampga alohida maktub yozilmaganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp kongressga murojaatida Ukraina prezidentining 4 martdagi postidan iqtibos keltirgan.
Oval kabinetdagi tortishuv va uning oqibatlari
28 fevral kuni Oval kabinetda o‘tkazilgan tadbirda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens o‘rtasida tortishuv sodir bo‘lgan.
Shundan keyin Ukraina rahbari uchrashuvni muddatidan oldin tark etgan va ikki davlat o‘rtasidagi nodir metallar bo‘yicha bitim imzolanmay qolgan.
Keyinroq, AQSH davlat kotibi Marko Rubio Zelenskiyni Oq uydagi tortishuv sabab kechirim so‘rashi kerak ekanini ta’kidladi. Biroq Ukraina prezidenti bu talabga rioya qilish niyatida emasligini bildirgan.
Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi munosabatlarning bu holati ikki davlat hamkorligiga qanday ta’sir qilishi hali aniq emas. Ammo tahlilchilar Ukraina prezidentining pozitsiyasi AQSHdan kelayotgan harbiy va iqtisodiy yordam masalasiga ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar