22:12 / 11.03.2025
264

Polshada inson organlari savdosi bilan shug‘ullangan ayol qo‘lga olindi

Polshada inson organlari savdosi bilan shug‘ullangan ayol qo‘lga olindi
Polsha chegarachilari inson a’zolari savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a’zosini qo‘lga olishdi. Interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan 35 yoshli ukrainalik ayol Polsha va Ukraina chegarasidan o‘tayotgan vaqtda hibsga olindi. Bu haqda Polshaning Pshemisl shahri prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.

56 ta inson buyragi "qora bozor"da sotilgan

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs Qozog‘iston hukumati tomonidan 12 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan bo‘lib, 2020 yildan beri xalqaro qidiruvda bo‘lgan. Ayblov versiyasiga ko‘ra, u 2017–2019 yillar davomida inson organlari savdosini tashkil etgan. Jinoyatchilik sxemasi orqali "qora bozor"da 56 ta inson buyragining noqonuniy sotilishi amalga oshirilgan.

O‘zbekiston va boshqa davlat fuqarolari jabrlanuvchiga aylangan

Qozog‘iston maxsus xizmatlarining ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlar orasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Armaniston, Ozarboyjon, Ukraina, Qirg‘iziston, Tojikiston va Tailand fuqarolari bor. Ayol mazkur davlatlar fuqarolarini noqonuniy yo‘llar bilan o‘z domiga ilintirib, ularning ichki a’zolarini tijorat maqsadida sotish bilan shug‘ullangan.

Polshada hibsga olish va ekstraditsiya jarayoni

Jinoiy guruh a’zosi 6 mart kuni Polsha va Ukraina o‘rtasidagi temir yo‘l kesishmasida qo‘lga olingan. Hozirda Polsha prokuraturasi tomonidan u so‘roq qilinmoqda va okrug sudiga uni Qozog‘istonga ekstraditsiya qilish uchun hibsga olish iltimosnomasi kiritilgan. Sud qaroriga muvofiq, uning 7 kun davomida hibsda saqlanishi belgilandi.

Inson organlari savdosi butun dunyoda jiddiy muammo hisoblanadi va xalqaro huquqni muhofaza qilish organlari bunday jinoyatlarga qarshi qat’iy kurash olib borishda davom etmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo