11:10 / 22.03.2025
447

Erdo‘g‘an: «Turkiya ko‘cha terrorizmiga taslim bo‘lmaydi»

Erdo‘g‘an: «Turkiya ko‘cha terrorizmiga taslim bo‘lmaydi»
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hukumat mamlakatda sodir bo‘layotgan ko‘cha tartibsizliklariga qarshi qat’iy choralar ko‘rishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya hech qachon «ko‘cha terrorizmiga taslim bo‘lmaydi», chunki mamlakat «ko‘chadan topib olingan emas».

Erdo‘g‘an muxolifatni politsiya xodimlari jarohatlangan namoyishlarda qatnashishga chaqirgani uchun tanqid qildi. U bu harakatlarni Turkiyaning barqarorligiga qarshi urinish deb baholadi. Prezidentning ta’kidlashicha, hukumat noqonuniy namoyishlarga va tartibsizliklarga toqat qilmaydi.

«Marginal guruhlarga ergashish, politsiyaga hujum qilish, sudya va prokurorlarga tahdid qilish orqali mamlakatda hech narsaga erishib bo‘lmaydi», – dedi Erdo‘g‘an. U muxolifatning korrupsiyaga qarshi kurash bahonasida tartibsizliklarni keltirib chiqarayotganini da’vo qildi.

Shu bilan birga, Respublika xalq partiyasi raisi Ozgur Ozel namoyishlarni davom ettirishini bildirdi. U xavfsizlik kuchlarini mitingchilarga qarshi qalampir gazi va rezina o‘qlar ishlatmaslikka chaqirdi. Turk ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, politsiya mitingchilarga nisbatan kuch ishlatmoqda, ammo rasmiylar buni rad etmoqda.

Namoyishlar oqibatida bir necha namoyishchi tibbiy yordamga murojaat qilgan, 16 politsiya xodimi jarohatlangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo