
Turkiyada namoyishlar taqiqlanganiga qaramay, Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘lining korrupsiya va terrorchi guruhlarga yordam berishda ayblanib hibsga olinishi ortidan norozilik namoyishlari kuchaymoqda. Imomo‘g‘li bilan birga tergov doirasida yuzdan ortiq kishi, jumladan siyosatchilar, jurnalistlar va tadbirkorlar hibsga olingan.
Istanbuldagi norozilik namoyishlari
Namoyishlar 19 martdan beri nafaqat Istanbul va Anqara, balki Izmir, Adana, Antalya, Chanoqqal’a, Eskishehir, Ko‘nya va Edirne shaharlarida ham o‘tkazilmoqda.

Imomo‘g‘li o‘zining X sahifasida Sarachhane hududidan olingan, ko‘p sonli odamlar qatnashgan videoni joylashtirdi. Uning hibsga olinishi 2028 yilgi saylovlarda muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasidan (JXP) prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilishiga bir necha kun qolganda sodir bo‘ldi.
Muxolifat va namoyishlar
JXP yetakchisi O‘zg‘ur O‘zelning ma’lum qilishicha, Istanbulda 300 mingga yaqin odam namoyishga chiqqan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu faqat bir partiyaning mitingi emas, balki Imomo‘g‘li bilan birdamlik bildirish va demokratiyani himoya qilish uchun barcha siyosiy kuchlardan odamlar yig‘ilgan tadbirdir.
O‘zel Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni "mahkamani qurol sifatida ishlatish"da aybladi va uning bu harakatlari ommaviy norozilikka sabab bo‘lganini ta’kidladi. U zo‘ravonlikdan qochish va politsiya bilan to‘qnashuvga bormaslik haqida chaqiriq qilgan bo‘lsa-da, namoyishlar vaqtida tartibsizliklar kelib chiqdi. Politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va plastik o‘qlardan foydalandi.
Namoyishlarga hukumatning munosabati
Anqara va Izmirda ham politsiya namoyishchilarga nisbatan ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan.

Juma kuni Istanbulda namoyish ishtirokchilarining politsiya bilan to‘qnashuvi
Prezident Erdo‘g‘an esa bu norozilik to‘lqinini qoralab, "vandalizm" va "ko‘cha terrori"ga qarshi choralar ko‘rishlarini ma’lum qildi. U hukumat jamoat tartibini saqlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini ta’kidladi. Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya esa 343 kishi namoyishlar vaqtida hibsga olinganini xabar qildi.
Muxolifatga bosim va sud ishi
Imomo‘g‘li va uning tarafdorlarining hibsga olinishi Turkiyada muxolifatga nisbatan bosimning kuchayishi fonida sodir bo‘ldi. Oxirgi oylarda muxolifatchi siyosatchilar, jurnalistlar va san’at vakillariga qarshi keng ko‘lamli qatag‘onlar kuzatilmoqda.
JXP vakillari hibsga olishlar siyosiy sabablarga ega deb hisoblaydi. Biroq adliya vazirligi hibsga olishlar ortida Erdo‘g‘an bor degan fikrni rad etib, sud mustaqil ekanini ta’kidlamoqda.
Saylov va muxolifatning rejalari
Imomo‘g‘li o‘tgan yili mahalliy saylovlarda g‘alaba qozonib, ikkinchi muddatga Istanbul meri lavozimida qolgandi. Bu esa Erdo‘g‘an hokimiyatga kelganidan beri ilk marta uning partiyasi saylovlarda mag‘lubiyatga uchragani bo‘ldi.
JXP yakshanba kuni prezidentlikka nomzod tayinlashni rejalashtirmoqda va Imomo‘g‘li hozircha yagona nomzod hisoblanadi. Shuningdek, partiya fuqarolarni ramziy saylovlarda ishtirok etishga chorlamoqda va Turkiya bo‘ylab okruglarda saylov qutilari joylashtirishni rejalashtirmoqda.
Turkiyadagi hozirgi vaziyat muxolifat va hukumat o‘rtasidagi keskinlikni yanada kuchaytirmoqda. Imomo‘g‘lining hibsga olinishi va ommaviy namoyishlar mamlakat siyosiy hayotida yangi bosqich boshlanganini ko‘rsatmoqda. Erdo‘g‘an hukumati qattiq choralar ko‘rayotgan bo‘lsa-da, muxolifat va jamoatchilik bu harakatlarga qarshi kurashishni davom ettirmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar