08:46 / 25.03.2025
589

Venesuelaga AQSHdan deportatsiya qilingan migrantlarning birinchi guruhi yetib keldi

Venesuelaga AQSHdan deportatsiya qilingan migrantlarning birinchi guruhi yetib keldi
Venesuelaga AQSHdan deportatsiya qilingan 199 nafar migrantni olib kelgan birinchi samolyot qo‘ndi, deb Euronews xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, dushanba kuni ertalab samolyot Karakas shimolidagi Mayketiya xalqaro aeroportiga yetib kelgan. AQSH va Venesuela o‘rtasida diplomatik aloqalar mavjud emasligi bois, samolyot avval Texasdagi harbiy bazadan havoga ko‘tarilib, Gondurasga qo‘ngan. U yerdan migrantlar boshqa samolyot orqali Venesuelaga jo‘natilgan.

AQSH hukumati bayonotida shunday deyilgan: «Ushbu insonlarning Qo‘shma Shtatlarda qolishi uchun qonuniy asosi yo‘q. Kelajakda Venesuelaga deportatsiya reyslari doimiy ravishda amalga oshirilishini kutyapmiz. Noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashda hamkorlik qilgani uchun Gonduras prezidenti Kastro hamda uning hukumatiga minnatdorlik bildiramiz».

O‘tgan hafta Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va AQSH prezidenti Donald Tramp migrantlarni deportatsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Venesuelaga repatriatsiya fevralidan beri to‘xtatilgan edi. Bu AQSH prezidenti Chevron kompaniyasini Venesuelada faoliyat yuritish litsenziyasidan mahrum qilganidan keyin sodir bo‘lgan.

Vashington Venesuelaga reyslarni qayta tiklash haqidagi qarorni 238 nafar venesuelalikning Salvadordagi CECOT mega-qamoqxonasiga jo‘natilishi ortidan qabul qildi. AQSH hukumati ularni «Tren-de-Aragua» jinoiy guruhiga aloqadorlikda aybladi. Biroq deportatsiya qilingan migrantlarning qarindoshlari bu ayblovlarni rad etmoqda.

Venesuela Milliy assambleyasi raisi Xorxe Rodriges Gomes shunday dedi: «Migratsiya – jinoyat emas. Biz barcha muhtojlarning qaytarilishi va Salvadorga o‘g‘irlangan birodarlarimizning ozod qilinishi uchun harakatni davom ettiramiz».

O‘tgan hafta Nikolas Maduro o‘z hukumatiga AQSHda qo‘lga olingan venesuelaliklarni repatriatsiya qilish uchun zarur reyslar sonini oshirishni buyurgan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo