05:30 / 26.03.2025
1 169

Zelenskiy AQSHning Ukraina va Rossiya bilan kelishuv tafsilotlarini oshkor qildi

Zelenskiy AQSHning Ukraina va Rossiya bilan kelishuv tafsilotlarini oshkor qildi
Volodimir Zelenskiy Saudiya Arabistonidagi uchrashuvlar natijasida AQSH delegatsiyasining Ukraina va Rossiya vakillari bilan erishgan kelishuvlarida muayyan farqlar borligini ma’lum qildi, deb yozmoqda Unian.

Ukraina prezidentiga ko‘ra, Saudiya Arabistonidagi uchrashuvlar yakuni bo‘yicha ikkita bayonot e’lon qilinadi: biri – Ukraina va AQSH o‘rtasidagi kelishuvlar natijasiga, ikkinchisi esa AQSH va Rossiya delegatsiyalari uchrashuviga oid. Ushbu bayonotlar orasidagi asosiy farq beshinchi bandda aks etgan.

«Biz eng avvalo, dengizda tinchlik va kemalarning erkin harakati bo‘yicha kelishib oldik», — deydi Zelenskiy.

Ukraina delegatsiyasi AQSH tomoni bilan alohida uchrashuvda o‘t ochishni to‘xtatish masalasini infratuzilmaga zarbalar berish kontekstida muhokama qilgan.

«Biz bunga ko‘p vaqt ajratdik. Agar dengizda tinchlik va kemalarning erkin harakati haqida gapirayotgan bo‘lsak, bu infratuzilmani ham qamrab oladi. Ko‘ramiz, bu qanday amalga oshirilar ekan», — deydi Zelenskiy.

Kelishuvlarning ikkinchi bandi — energetika tizimiga zarba bermaslikni o‘z ichiga oladi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, na Ukraina va na Rossiya bunday hujumlarni amalga oshirishi kerak. Shu bilan birga, Ukraina AQSHga Kiyev tomonidan «strategik infratuzilma» deb hisoblangan obyektlar ro‘yxatini alohida topshirgan.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina fuqarolik infratuzilmasini himoya qilish masalasini ham ko‘targan, biroq bu band bayonot matniga kiritilmagan.

«Ammo biz bu borada kelishib oldik. Amerika tomoni, umuman olganda, osmondagi va energetika borasidagi tinchlik masalasi boshqa fuqarolik infratuzilmasiga ham taalluqli deb hisoblaydi. Shunga qaramay, energetikaga zarbalar berilmasa, shuning o‘zi katta natija», — deya ta’kidlaydi u.

Kelishuvlarning uchinchi bandi – nazorat va monitoringga oid. «Biz Amerikadan tashqari uchinchi tomonlarni ham jalb qilish mumkinligiga kelishib oldik Bu yomon emas. Masalan, Yevropa davlatlaridan biri yoki Turkiya. Dengizdagi vaziyatga qarab Yaqin Sharq davlatlaridan birortasini jalb qilish mumkin», – deydi Zelenskiy.

To‘rtinchi band AQSH taklifiga ko‘ra, barqaror tinchlikni ta’minlash yo‘lida hamkorlik qilishni nazarda tutadi.

«Yana bir bor ta’kidlaymizki, biz shartsiz o‘t ochishni to‘xtatishga tezkor harakat qilishga tayyormiz. Keyingi bosqich esa barqaror va adolatli tinchlikka erishish yo‘lida qo‘yiladigan qadamlar,» – deydi Ukraina prezidenti.

Kelishuvlarning beshinchi bandi Ukrainaning AQSH bilan bayonotida ham, Qo‘shma Shtatlar va Rossiya o‘rtasidagi bayonotda ham farqlanadi.

«Bizga ma’lum bo‘lishicha, rossiyaliklar AQSHdan o‘zlarining agrosanoat sektoriga, ya’ni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashishga yordam berishni so‘ragan. Ya’ni bu portlar, tariflar va shunga o‘xshash masalalarni o‘z ichiga oladi. Biz ushbu band umumiy hujjatimizga kiritilishiga rozi bo‘lmadik. Buni pozitsiyalarni zaiflashtirish va sanksiyalarni yumshatish deb hisoblaymiz», — deydi Zelenskiy.

Shu bilan birga, uning aytishicha, mazkur band bo‘yicha barcha tafsilotlar ma’lum emas, chunki AQSH va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi uchrashuvda Ukraina tomoni ishtirok etmagan.

«Bu bizning kun tartibimizda yo‘q edi. AQSH tomoni uni buzdi. Umerov men bilan bog‘landi. Men bu masala shartsiz o‘t ochishni to‘xtatish muhokamasiga kirmasligini aytdim», — deydi Zelenskiy.

Prezidentning ta’kidlashicha, hatto havoda va dengizda o‘t ochishni qisman to‘xtatish ham Rossiyaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish oldidagi to‘siqlarni olib tashlashni o‘z ichiga olmaydi.

Bundan tashqari, Ukraina deportatsiya qilingan va o‘g‘irlab ketilgan bolalar qaytarilishi, harbiy va fuqarolik asirlari almashinuvi o‘tkazilishini talab qilmoqda. «Shu boisdan ikkita bayonot bo‘lishiga kelishib olindi. Bizning bayonotimizda beshinchi band — Amerika bolalar, harbiy va fuqarolik asirlarini qaytarishga bizga yordam beradi. Rossiyada esa o‘zlari kelishgan narsa bo‘ladi», — deya ta’kidlaydi Ukraina prezidenti.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo