00:15 / 27.03.2025
629

Alyaskada samolyot muzlagan ko‘l ustiga qulab tushdi

Alyaskada samolyot muzlagan ko‘l ustiga qulab tushdi
Foto: Alaska National Guard
Amerikaning Alyaska shtatida samolyot muzlagan ko‘l ustiga qulab tushdi. Havo kemasi ichida bo‘lgan uchuvchi va ikki bola 12 soat davomida samolyot qanotida o‘tirib, qutqaruvchilarni kutdi, deb yozadi Bild.

Qayd etilishicha, Piper PA-12 Super Cruiser yengil motorli samolyoti 23 mart kuni kechquruq radarlardan yo‘qolib qolgan.

Qidiruv ishlari darhol boshlangan, ammo talafot signali yo‘qligi sabab samolyotni topish oson kechmagan. Baxtli tasodif tufayli qutqaruvchilar mobil telefon signaliga e’tibor qaratgan va Kenay yarimorolidagi Tustumena ko‘li hududini ko‘zdan kechirishga qaror qilgan.

Haqiqiy mo‘jiza ertasi kuni yuz bergan: Terri Godeser ismli uchuvchi Facebook orqali qidiruv ishlaridan xabar topgan va samolyot qoldiqlariga duch kelgan.

«Bunga qarash men uchun azob edi: yaqinroq uchib borganimda, qanotda o‘tirgan uch kishini ko‘rdim. Ular tirik edi va menga qo‘l silkitardi», — deydi u.

Falokatga uchragan samolyotni erkak boshqargan, u bilan birga bortda ikki nafar voyaga yetmagan bola ham bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, oila Skilak ko‘li tomon parvoz qilgan.

Qutqaruvchilar uchala fuqaroga ham yordam ko‘rsatib, ularni shifoxonaga yetkazgan, halokat sabablari hozircha ma’lum qilinmagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo