06:25 / 30.03.2025
3 151

Isroil harbiylari G‘azoga qaytib borishdan bosh tortdi

Isroil harbiylari G‘azoga qaytib borishdan bosh tortdi
Isroil armiyasining tibbiy korpusiga kiruvchi o‘nlab zaxiradagi harbiylar G‘azo sektoriga qaytib borishdan bosh tortdi. The Times of Israel nashrining xabar berishicha, ular urush Isroil manfaatlariga putur yetkazyapti, degan fikrda.

Isroillik harbiylar G‘azoda
Foto: Isroil mudofaa kuchlari

Turli darajadagi tibbiyot xodimlari, jumladan, shifokorlar, feldsherlar, psixiatrlar va hamshiralar jang qilishdan bosh tortish to‘g‘risidagi xatni imzoladi. Ular buni axloqiy va huquqiy sabablarga ko‘ra qabul qilingan qaror deb atab, mojaroga “har qanday mantiqdan tashqarida” deya baho berdi.

Zaxiradagi harbiylarning ta’kidlashicha, urush “ikkala tomondagi tinch aholiga, Isroilning ijtimoiy tuzilishiga va uzoq muddatli yashovchanligiga” zarar yetkazadi. Shuningdek, ular G‘azo sektorini bosib olish va mahalliy aholini ko‘chirish rejalarini xalqaro huquqning buzilishi deb hisoblaydi.

Umuman olganda, bu yagona holat emas. Isroil askarlari orasida xizmatga bormaslik holatlari ko‘paymoqda. Bu 16 oydan buyon davom etayotgan mojarodan charchoq hamda amaldagi hukumatning ichki va tashqi siyosatidan norozilik sabab yuzaga kelayotgani aytiladi.

G‘azo hududida Isroil harbiylari og‘ir zirhli texnikalar bilan
Foto: Isroil mudofaa kuchlari

Isroilning G‘azoga hujumi

Yanvar oyining ikkinchi yarmidan boshlab Isroil va HAMAS garovdagilarni almashish bo‘yicha sulhga kelishgan edi. Ammo tomonlar muzokaralarni davom ettirish bo‘yicha umumiy to‘xtamga kelolmagach, Netanyaxu anklavga hujumlarni tiklashga buyruq berdi.

Shu bilan bir vaqtda, G‘arbnig obro‘li nashrlarida Isroil armiyasi falastinliklarga nisbatan urush jinoyatlarini sodir etayotgani haqida guvohliklar paydo bo‘la boshladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo