08:27 / 30.03.2025
897

Germaniyaning Vangerooge oroli yangi hokim izlamoqda – e’lon gazetada chop etildi

Germaniyaning Vangerooge oroli yangi hokim izlamoqda – e’lon gazetada chop etildi
Germaniyaning Shimoliy dengizida joylashgan Vangerooge orolida mahalliy hokimiyat rahbarlik lavozimiga munosib nomzod qidirishni boshladi. Bu gal orol ma’muriyati gazeta orqali e’lon berib, yangi hokim topishga harakat qilmoqda.

Spiegel nashrining xabar berishicha, Xristian-demokratlar, sotsial-demokratlar va “yashillar” partiyasi birgalikda e’lon berishga qaror qilgan. Unda hokimlik lavozimiga da’vogarlar uchun qator talablar qo‘yilgan.

Hokimlikka nomzodlar uchun qo‘yilgan talablar:
- Orolda yashashga tayyor bo‘lish;
- Oliy ma’lumotga ega bo‘lish;
- Ma’muriy ishlarda tajribaga ega bo‘lish;
- Qonunan belgilangan yosh doirasiga (23-67 yosh) kirish.

E’londa: “Biz bilan siz mas’uliyatli lavozimda kelajakni shakllantira olasiz”, — degan so‘zlar keltirilgan.

Hozirgi hokim Marsel Fangor ham 7 yil avval xuddi shunday gazeta orqali topilgan. Bu safar ham mahalliy hokimiyat shu yo‘l bilan munosib nomzod topishga umid qilmoqda. Sababi, orolda ma’muriy sohada ishlaydigan malakali kadrlar taqchilligi tobora kuchayib bormoqda.

Qizig‘i, yaqinda mayoqchi lavozimi uchun berilgan e’lon internetda virusli tarzda tarqalgan va Vangerooge oroli butun Germaniya bo‘ylab mashhur bo‘lgan edi.

Hujjat topshirish muddati va saylov sanasi

Yangi hokim 17 avgust kuni saylanadi. Bu lavozimga da’vogarlar 14 iyungacha hujjat topshirishi mumkin.

Bu safargi e’lon orol ma’muriyatiga kerakli mutaxassisni topishda qanday natija beradi – bunga vaqt javob beradi.

Foto: Hauke-Christian Dittrich / Vagenroogedagi mayoq
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo