
Sun’iy intellektning rivoji bilan ko‘plab kasblar xavf ostida qolmoqda. Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geyts The Tonight Show dasturidagi chiqishida bu borada o‘z fikrlarini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ba’zi kasblar borki, ularni hatto sun’iy intellekt ham to‘liq egallay olmaydi.
Geytsning fikricha, dasturchilar, energetika mutaxassislari va biologlar o‘z o‘rinlarini saqlab qoladi. Bu sohalardagi mutaxassislarga talab yuqori bo‘lib qolaveradi, chunki:
1. Dasturchilar – sun’iy intellekt tizimlarini ishlab chiqadi va rivojlantiradi. Ularning mehnatiga hamisha ehtiyoj bo‘ladi.
2. Energetika mutaxassislari – bu sohadagi tizimlar juda murakkab va ularni to‘liq sun’iy intellektga topshirish imkoni yo‘q.
3. Biologlar – ilmiy kashfiyotlar va yangi ixtirolarni aynan insonlar amalga oshiradi.
Sun’iy intellekt ish o‘rinlarini yo‘q qiladimi?
Geytsning aytishicha, texnologik taraqqiyot ko‘plab sohalarda ish o‘rinlarini qisqartiradi. Masalan, sanoat va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda sun’iy intellekt inson mehnatini qisman almashtira boshladi.
Bundan tashqari, Bill Geyts sun’iy intellekt taraqqiyoti natijasida kelajakda mehnat haftasi 2-3 kungacha qisqarishi mumkinligini ham bashorat qildi.
Sun’iy intellekt – imkoniyat yoki xavf?
Hozirgi paytda dunyoning yirik davlatlari sun’iy intellekt sohasidagi yetakchilik uchun poygaga kirishgan. Ayniqsa, tibbiyot sohasida bu texnologiya inqilobiy yutuqlarga sabab bo‘lmoqda.
Biroq xavotirli jihatlari ham yo‘q emas. Sun’iy intellekt qisqa muddatda odamlarni aldashni ham o‘rganib oldi. Shuning uchun texnologiyaning rivoji nafaqat imkoniyat, balki xavf sifatida ham qaralmoqda.
Bill Geytsning fikricha, ba’zi kasblar xavf ostida qolsa-da, insonlarning muhim vazifalarni bajarishdagi roli yo‘qolib ketmaydi. Sun’iy intellektning tezkor rivoji mehnat bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi aniq, lekin eng murakkab va ijodiy sohalarda insonlar hamon ustunligini saqlab qoladi.
Siz qanday fikrdasiz? Sun’iy intellekt kasbingizni o‘zgartiradi deb o‘ylaysizmi? “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar