
Janubiy Afrikada noodatiy avia hodisa ro‘y berdi
Janubiy Afrika Respublikasida (JAR) vertolyot ishtirokida sodir bo‘lgan noodatiy avia hodisa jamoatchilik diqqat markaziga tushdi. Mamlakat hukumati ma’lum qilishicha, Robinson R44 Raven II vertolyoti bortida bo‘lgan pingvin sababli halokatga uchragan. Bu haqda Daily Mail nashri xabar tarqatdi.
Qushlar orolidan — falokat sari...
Hodisa Qushlar orolidan Sharqiy Kap provinsiyasiga pingvinni olib o‘tish vaqtida yuz bergan. Avvalroq voqea tafsilotlari sir saqlangan bo‘lsa-da, rasmiy hisobot e’lon qilinishi orqali barcha ma’lumotlar oshkor bo‘ldi.
Olimlar tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlardan keyin, bir mutaxassis uchuvchidan pingvinni aeroportga yetkazib qo‘yishni iltimos qilgan. Qush oddiy karton qutiga joylashtirilib, yo‘lovchi uni tizzasida ushlab o‘tirgan.
Hech kim o‘ylamagan xavf — pingvinning qutisi halokatga olib keldi
Parvoz vaqtida karton quti sirpanib ketib, vertolyot boshqaruv tangajiga urilgan. Bu texnik muvozanatni buzib, havo kemasini o‘ng tomonga keskin og‘dirib yuborgan. Oqibatda vintlar yerga tegib ketgan va vertolyot halokatga uchragan.
Xayriyat, qurbonlar yo‘q
Omadli tomoni — bu voqeada hech kim jabrlanmagan. Na uchuvchi, na tadqiqotchi jarohat olgan. Qolaversa, pingvin ham omon qolgani aytilmoqda. Ammo vertolyot qattiq shikastlangan va uchishga yaroqsiz holatga kelib qolgan.
Xavf baholangan, lekin yetarli emas
JAR Fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi bildirishicha, parvozdan avval xavfsizlik baholash ishlari amalga oshirilgan. Ammo pingvinni tashishda xavfsizlik talablari yetarli darajada ta’minlanmagani qayd etilgan.
Tabiatni muhofaza qilish, albatta, muhim. Ammo hatto bir pingvin ham havo transportida jiddiy avariyaga sabab bo‘lishi mumkinligi — yana bir bor xavfsizlik qoidalarini jiddiylik bilan qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatadi.